Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari oʻrganish ishlarini olib bordi.

Oʻrganishlar natijasida ushbu inshoot madaniy meros obyektlari davlat roʻyxatiga kiritilmagani hamda belgilangan tartibda muhofazaga olingan tarixiy yodgorlik hisoblanmasligi aniqlandi.

Urgut tumani hokimligi axborot xizmatining qoʻshimcha qilishicha, tuman markazida joylashgan ushbu bino 1992-yilda hashar yoʻli va homiylik mablagʻlari hisobidan namozgoh sifatida barpo etilgan, biroq uzoq yillar davomida undan foydalanilmagan. Inshootning kadastr hujjatlari mavjud boʻlmay, u joylashgan yer maydoni tuman hokimligi zaxirasida turgan. Hozirda tuman markazining shaharsozlik qiyofasini yaxshilash, transport oqimini tartibga solish va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Mazkur rejalar doirasida bino belgilangan tartibda buzilib, uning oʻrnida yoʻl qismi kengaytirilishi hamda aholi uchun qoʻshimcha avtomobillar toʻxtash joyi tashkil etilishi koʻzda tutilgan.