Samarqandda tibbiyot turizmi ham rivojlanadi

    Bu yerda “Zarmed pratiksha Bog‘ishamol” tibbiyot markazi ish boshladi.

    Samarqand shahrida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Zarmed pratiksha hospital group” Oʻzbekiston — Hindiston qoʻshma korxonasi tomonidan tashkil qilingan “Zarmed pratiksha Bogʼishamol” tibbiyot markazi ish boshladi.

    Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Hindistonning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Shri Manish Prabxat, Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Abdulla Azizovlar yurtimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi tibbiyotda ham xususiy sektorning ulushi tobora kengayib borayotganligini alohida taʼkidlashdi.

    Yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, berilayotgan imtiyozlar natijasida ular tomonidan istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi. “Zarmed pratiksha Bogʼishamol” tibbiyot markazi ham ana shunday loyihalardan biri boʻlib, mamlakatimizda tibbiy xizmat sifatining oshishiga, tibbiyot turizmi rivojiga munosib hissa qoʻshishi taʼkidlandi.

    Korxonaning dastlabki loyihasi “Zarmed pratiksha Bogʼishamol” tibbiyot markazi uchun 8,5 million AQSH dollari sarflangan. Shundan 1,5 million AQSH dollari chet el investitsiyasi hisoblanadi. Samarqand shahrining Kamoliddin Behzod mahallasi hududida joylashgan tibbiyot markazi bir vaqtning oʻzida 600 kishiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Eng muhimi, tibbiy markazda 140 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

    – Prezident Shavkat Mirziyoyev Hindistonga tashrifi davomida biz, investorlar bilan uchrashib, investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekistonda barcha imkoniyatlar yaratilishini maʼlum qilgan edi, – dedi “Pratiksha Global” korxonasi boshqaruv kengashi raisi Doktor Pramod Sharma. – Oʻsha uchrashuvda, albatta, yurtingizga investitsiya kiritishimni, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishimni maʼlum qilgan edim. Mana “Zarmed pratiksha hospital group” qoʻshma korxonasini tashkil qilib, ilk loyihamizni ishga tushirdik.

    “Zarmed pratiksha Bogʼishamol” tibbiyot markazi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlangan boʻlib, bu yerda shoshilinch tez tibbiy yordam koʻrsatish boʻlimi, tibbiyotning zamonaviy jarrohlik xizmatlari ham mavjud.

    – Bu hindistonlik hamkorlarimiz bilan amalga oshirilayotgan dastlabki loyihamiz, – deydi masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Zarmed pratiksha hospital group” qoʻshma korxonasi taʼsischisi Dilshod Shukrullayev. – Yaqin kunlarda xizmat koʻrsatish quvvati 120 oʻringa ega ikkinchi tibbiy markazimiz ham ishga tushadi. Hamkorlarimiz bilan zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatish tarmogʻini tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Hech kimga sir emas, minglab yurtdoshlarimiz xorijga tibbiy muolajalar uchun millionlab mablagʻ sarflab borib kelishadi. Maqsadimiz yurtdoshlarimiz talabiga mos tibbiy xizmatni shu yerda tashkil qilishdan iborat.

    Taʼkidlash joizki, “Zarmed pratiksha Bogʼishamol” tibbiyot markazida oʻnga yaqin yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari xizmat qiladi. Ularning asosiy qismi xalqaro tajribaga ega mutaxassislar hisoblanadi.

    Alisher ISROILOV.