Samarqandda TIFA Kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 17 Mart 2023 828

    2023-yil 17-martda Samarqand shahrida Amerika Qoʻshma Shtatlari Savdo vakili idorasi (USTR) va Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) Departamenti koʻmagida tashkil etilgan AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari oʻrtasida savdo va investitsiyalar boʻyicha Hadli bitim (TIFA) Kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston, AQSH, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Pokistonning tegishli vazirlik va idoralari delegatsiyalari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov oʻz qutlov soʻzida Oʻzbekistonda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashish, investorlar huquqlarini va xususiy mulkni himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurash va erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ortga qaytmas xususiyatga egaligi va samaradorligini taʼkidladi.

    Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va boshqa sohalarda hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

    Shu nuqtai nazardan, ishga solinmagan resurs va imkoniyatlardan foydalangan holda birgalikda chora-tadbirlar koʻrish, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini birxillashtirish va yagona mustaqil arbitraj tizimini yaratish, yagona toʻlov tizimiga ega boʻlgan tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilar uchun mintaqaviy platformani yaratish, xavflarni prognozlash va boshqarish maqsadida Data-centrlar hamda eksport va import qiluvchilarning bazalarini yaratish, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini taʼminlash taklif etildi.

    Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sertifikatlashning elektron tizimlarini, CLDP tavsiyalariga asoslangan bojxona qoida va tartibotlarini joriy etish, fitosanitariya talablarini uygʻunlashtirish, ilgʻor tajriba almashish, mintaqada xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha tashabbuslar ham bildirildi.

    Oʻz navbatida, AQSH Savdo vakilining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha oʻrinbosari Brendan Linch Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning dinamikasini, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bir-birini toʻldirish tamoyillari asosida sezilarli darajada yaxshilanganini yuqori baholadi va AQSHning mintaqa mamlakatlari bilan iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash, savdo, sarmoyaviy va maslahat yordamini koʻrsatishda davom etishga sodiqligini taʼkidladi.

    Yigʻilish chogʻida delegatsiyalar rahbarlarining chiqishlari boʻlib otdi, raqamli savdo, sanitariya/fitosanitariya choralari, intellektual mulk huquqlari, bojxona masalalari, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha ishchi guruhlarning tavsiyalari muhokama etildi, shuningdek, bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Tadbir yakunlari boʻyicha ishtirokchilarning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha umumiy qarashlari, muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish chora-tadbirlari oʻz ifodasini topgan qoʻshma bayonot qabul qilindi.