Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmaniga kelib tushgan murojaatda B.M. Pastdargʻom tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktabining 10-sinfida oʻqishini, ota-onasi ajrashganligini, akasi Rossiya Federatsiyasida oʻqiyotganligi sababli onasi ham u yerga ketganligini, oʻzi esa buvisi bilan birga yashashini maʼlum qilgan. B.M. qoʻshni hovlida togʻasi M.A. yashashini, togʻasi unga jismoniy tazyiq oʻtkazib, bir necha bor tan jarohati yetkazganligini, qolaversa M.A. uni haqorat qilib, uyidan haydab chiqarishga urinayotganligini bildirdi.
Shuningdek, holat yuzasidan profilaktika inspektoriga murojaat qilsada, hech qanday chora koʻrilmaganligini bildirib, togʻasi M.A. ning tazyigʻiga nisbatan chora koʻrishni soʻragan.
Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida mazkur holat Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan oʻrganildi.
Jumladan, Agentlikning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi hamda Pastdargʻom tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi masʼullari tomonidan joyiga chiqib oʻrganilganda, M.A. tomonidan voyaga yetmagan B.M. va uning buvisi X.M. ga nisbatan tazyiqlar oʻtkazib kelinganligi tasdiqlanib, joriy yilning 19-sentyabr kuni tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish va qayta takrorlanishiga qarshi himoya orderi rasmiylashtirildi.
Shu bilan birga, M.A. ning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida hozirda Pastdargʻom tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Bu borada qoʻshimcha maʼlumot beriladi.