Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar taʼlim vazirlari VII yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda

    Ta'lim 14 Iyun 2023 1057

    Oʻzbekiston tomoni Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Xalqaro Al-Xorazmiy yosh matematiklar olimpiadasini oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar kiritdi.

    Tadbirni kirish soʻzi bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova ochib berdi:

    - Turkiy davlat tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi bunday uchrashuvlar 2012-yildan buyon doimiy tarzda oʻtkazib kelinmoqda va katta ahamiyatga ega.

    Zero, oldimizda turgan masalaga yechim topish, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish va turkiy olamning ulkan salohiyatini roʻyobga chiqarish faqatgina hamkorlik orqali amalga oshadi.

    Shubhasiz, Turkiy svilizatsiyaning yuksalishidagi asosiy yoʻnalish ham ilm-fandir. Bugungi yigʻilish turkiy davlatlarning taʼlim sohasidagi hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman.

    Shundan soʻng, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev soʻzga chiqib, Oʻzbekistonda taʼlimga katta eʼtibor qaratilayotganini eʼtirof etdi:

    - Oxirgi marta TDT Taʼlim vazirlari uchrashuvi Istanbulda boʻlib oʻtgandi. Endi esa goʻzal Samarqandda uchrashib turibmiz. Biz kecha va bugun uchrashuvlar doirasida Turkiy davlatlar orasida maktabgacha, maktab va oliy taʼlim sohalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildik.

    Kecha Samarqandda joylashgan taʼlim muassasalarida ham boʻldik. Ularning har biri bizda ulkan taassurot qoldirdi. Birgina Prezident maktablari gʻoyasini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Oʻtgan 4 yil davomida bu maktablar koʻrsatayotgan natijalar Oʻzbekiston taʼlim tizimining naqadar yuqori koʻrsatkichlar qayd etayotganligini koʻrsatib turibdi.

    Yigʻilish doirasida koʻp tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga oid loyiha hamda tashabbuslar muhokama qilindi. Unda Oʻzbekiston tomoni:

    • Maktabgacha taʼlim sohasida UNESCOning Toshkent deklaratsiyasi ijrosini hamjihatlikda amalga oshirish,
    • qardosh maktablar hamkorlik dasturini yanada rivojlantirish,
    • Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Xalqaro Al-Xorazmiy yosh matematiklar olimpiadasini oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar kiritdi.