Holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 21 aprel kuni Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi M.S. vaqtincha vasiyligida bo‘lgan 2017 va 2019 yillarda tug‘ilgan qizlarga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazgan. U bolalarning xorijda bo‘lgan onasidan pul undirish maqsadida zo‘ravonlik harakatlarini sodir etib, bu jarayonni video tasvirga olgan.

Holat joyiga chiqqan Bolalar ombudsmanining hududiy vakili tomonidan bolalarni himoya qilish yuzasidan zarur tezkor choralar ko‘rildi.

Hozirda tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Shu bilan birga, vasiylik organi — «Inson» markazi mas’ullari tomonidan M.S. vasiylikdan chetlatildi.

Bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Shuningdek, ularning ruhiy holatini barqarorlashtirish uchun psixolog jalb etildi.

Qizlar tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirilib, ular uchun xavfsiz muhit yaratildi hamda ta’lim muassasalariga rasmiylashtirildi.

Ayni paytda xorijda bo‘lgan onaning ota-onalik majburiyatlarini bajarish darajasi ham o‘rganilmoqda.

    Bolalar ombudsmani mazkur holat bo‘yicha bolalar manfaatlarini ta’minlash maqsadida nazoratni davom ettirmoqda.