Samarqandda viloyatning 2021-yilning birinchi yarmidagi faoliyati bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi

    Samarqand shahridagi “Matbuot uyi”da ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida pandemiya davrida viloyatda turizm va sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Narziqulov boshchiligidagi mutaxassislar jurnalistlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha so‘z yuritib, barcha savollarga batafsil javob berdi.

    – 2021-yilning birinchi yarmida Samarqand viloyatida 84 ta sayyohlik loyihasi, jumladan, 335 o‘rinli 12 ta mehmonxona, 443 o‘ringa mo‘ljallangan 45 ta oilaviy mehmon uylari, 14 ta turistik firma ishga tushirilib, 15 ta yangi sayyohlik yo‘nalishi tashkil etildi. Yuqoridagi loyihalar ishga tushirilishi natijasida 343 nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi, – dedi Dilshod Narziqulov.

    Bundan tashqari, tadbir doirasida ayni paytda 7 trillion 41 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshirilayotgani, buning natijasida esa 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi malum qilindi. Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi mintaqani nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning turizm xabiga aylantirish imkonini berishi qayd etildi.

    Matbuot anjumanida shuningdek, o‘tgan 6 oyda sport sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida malumot berildi.

    Samarqand viloyati turizm va sport Bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Olim Sobirovning so‘zlariga ko‘ra, “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida o‘tkazilgan 4050 sport tadbirida 65 874 nafar yoshlarning ishtiroki taminlandi.

    Shu bilan birga, Olimpiya o‘yinlarida Samarqand viloyatining 10 nafar vakili 6 sport turi bo‘yicha, paralimpiya o‘yinlarida 4 nafar sportchi 2 sport turi bo‘yicha yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.