Keyingi yillarda yurtimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana aʼzolarini koʻchirib oʻtkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yoʻlga qoʻyilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga boʻlgan ehtiyoj yanada ortdi.
Birgina misol. Bugun bitta jigar transplantatsiyasi uchun 30 litrgacha qon plazmasi zarur. Shuning oʻziyoq qonning ahamiyati naqadar muhim ekanini koʻrsatadi.
Shu jihatdan olganda gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish, ularni zarur qon komponentlari va dori vositalari bilan taʼminlash, ushbu kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish dolzarb masalalardan biri.
Sogʻliqni saqalash vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Xitoyning “Xindeyuan Bioengineering” kompaniyasi vakillari bilan ayni shu masalada muzokara oʻtkazildi.
Unda Samarqand viloyati “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 250 million dollarlik investitsiyaviy loyihani amalga oshirish borasida muhim kelishuvga erishildi.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq yurtimizda gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish uchun 128 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, ushbu yoʻnalishlarda qoʻllaniladigan 67 turdagi dori vositalari va reagentlar mamlakatimizga asosan chetdan keltirilmoqda.
Samarqandda 15 gektar maydonda qad rostlaydigan qon preparatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, Markaziy Osiyoda yagona boʻlishi kutilayotgan farmatsevtika zavodi aholining bunday preparatlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali import hajmini kamayishiga xizmat qiladi.