Kartoshka kundalik hayotimizda ehtiyoj va talab yuqori boʻlgan mahsulotlardan biri sanaladi. Tibbiyotchilar xulosasi bilan qaralganda inson yiliga oʻrtacha 50 kilogramm kartoshka isteʼmol qilishi lozim. Shu bois, mamlakatimizda zamonaviy, innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda kartoshka yetishtirishni yoʻlga qoʻyish, import oʻrnini bosadigan mahsulot yetishtiruvchilarni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2020-yil 6-maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʻchiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzagroinspeksiyasi”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2021-yil hosili uchun viloyatda jami 17 ming 928 gektar maydonda kartoshka ekish rejalashtirildi. Shuning 8 ming 122 gektari asosiy maydon, 9 ming 806 gektari gʻalladan boʻshagan maydonga takroriy ekin sifatida joylashtiriladi.

Tajribali dehqonlar kartoshkadan moʻl hosil yetishtirish asosan urugʻning sifatiga bogʻliq ekanligini yaxshi bilishadi. Shu maqsadda, joriy yilda kartoshkaning “Pekas”,”Gala”,”Fontane”, “Evolyushn”, “Arizona” “Monto karlo”, “Fontana” singari super elita, elita va R-1 navlarini ekish rejalashtirilmoqda.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan klaster korxonalari va fermer xoʻjaliklarining kartoshka ekiladigan maydonlarga talab etiladigan 28 ming 427 tonnaga yaqin urugʻlik bilan taʼminlash yuzasidan tizimli nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlariga koʻra, asosiy yer maydoniga ekilishi rejalashtirilayotgan urugʻlik kartoshka zahirasi shakllantirilgan. Gʻalladan boʻshagan maydonlarga ekilishi rejalashtirilayotgan kartoshka urugʻligi bank kredit mablagʻlari evaziga keltirilishi moʻljallanmoqda.

Xususan, joriy yilda Bulungʻur tumanida 2 ming 866 gektar, Jomboyda 1 ming 130 gektar, Urgut tumanida 1 ming 400 gektar hamda Tayloq tumanida 1 ming 100 gektar asosiy yer maydonida kartoshkaning iqlim sharoitiga mos, serhosil navlarini ekish yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda viloyatning asosiy yer maydonlariga ekiladigan kartoshkadan 129 ming 434 tonna hosil yetishtirish moʻljallanmoqda.

Xushnud Nurbekov,

“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

bosh inspektori