Samarqanddagi «Boqiy shahar» majmuasi Ispaniya OAV diqqat markazida

    Ispaniyaning yetakchi onlayn nashrlaridan biri – “АВC” sahifasida sharhlovchi Fernando Pastranoning «Markaziy Osiyodagi eng yirik sayyohlik majmuasi dunyoning eng qadimiy shaharlaridan birida bunyod etildi» sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi.

    Unda Samarqand shahrining sharqiy qismida, qariyb 260 gektar maydonda uzunligi 2 kilometrdan ortiq bo‘lgan eshkak eshish kanali bo‘yida bunyod etilgan, Markaziy Osiyodagi eng yirik «Silk Road Samarkand» sayyohlik majmuasining imkoniyatlari atroflicha qalamga olingan.

    Taʼkidlanganidek, «Ming bir kecha» ertaklaridagi manzaralarni eslatuvchi, O‘zbekistonning turli burchaklaridan tarixiy qiyofa va obidalar nusxalarini o‘z ichiga olgan «Boqiy shahar» sayyohlik majmuasi sifatida durdonadir. «Agar siz ular bir necha oy oldin qurilganini bilmasangiz, bu qayta tiklangan tarixiy binolar, deb o‘ylashingiz aniq», deb yozadi muallif. Bu yerdagi binolarda miloddan avvalgi VII asrga oid Afrosiyob arxeologik yodgorligi devorlaridagi ko‘pgina bezak elementlaridan nusxa ko‘chirilgan».

    O‘zbekistonda so‘nggi yillarda, ayniqsa, 2019 yilda ko‘plab davlatlar, jumladan, Ispaniya uchun kirish vizalari, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq barcha cheklovlar bekor qilinganidan so‘ng turizm sohasida o‘sish kuzatilmoqda. «Hozirgi kunda mamlakatga ikki milliondan ortiq sayyoh kelayotgan bo‘lsa, ularning deyarli barchasi Samarqandga boradi. O‘zbekiston rahbariyati keyingi besh yilda to‘qqiz milliondan ortiq sayyohlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda», deb yozadi Fernando Pastrano.