Samarqanddagi buzilishi kerak boʻlgan 12 qavatli binoda qahvaxona ochildimi?

    Urbanizatsiya 24 May 2023 1038

    Ijtimoiy tarmoqlarda "Samarqanddagi 12 qavatli binoning pastki qavati oshxona sifatida foydalanilayotgani toʻgʻrisida videolavha tarqaldi.

    Holat Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi tomonidan oʻrganildi. Aniqlanishicha, chindan ham binoning 1-qavatida noqonuniy ravishda qahvaxona faoliyat yuritayotgan ekan.

    “Koʻplab muhokamalarga sabab boʻlayotgan bu bino boʻyicha 2022-yilning 6-iyul kuni fuqarolik ishlari boʻyicha Toyloq tumanlararo sudi tomonidan F.Xalilovga Samarqand tumani „Joʻyisoy“ MFY hududidagi oʻziga tegishli boʻlgan, oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan 12 qavatli bino-inshoot (mehmonxona)ni oʻz hisobidan buzishi toʻgʻrisida hal qiluv qarori mavjud. Bugungi kunda mazkur sud qarorining ijrosi MIBning Samarqand tumani boʻlimi ish yurituvida”, — deyiladi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bildirgan munosabtada.

    Taʼkidlanishicha, Samarqand tumani qurilish boʻlimi tomonidan 2023-yil 15-may kuni MIB Samarqand tumani boʻlimiga sud qarorining ijrosini taʼminlash boʻyicha xat yoʻllangan.

    Shuningdek, Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi ham masala yuzasidan oʻz munosabatini bildirdi.

    “Aniqlanishicha, Majburiy ijro byurosi Samarqand tuman boʻlimi ish yurituviga fuqarolik ishlari boʻyicha Toyloq tumanlararo sudining 2022-yil 6-iyundagi sud hujjatiga asosan F.X. tomonidan Samarqand tumani “Joʻyisoy” MFY hududidagi oʻziga tegishli boʻlgan uy-joyda oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan 12 qavatli bino (mehmonxona)ni javobgar hisobidan buzdirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati kelib tushgan.

    Boʻlim tomonidan 2022-yil 31-avgustda ijro ishi qoʻzgʻatilib, qaror nusxasi tomonlarga yuborilgan. Qarzdorga ijro hujjatining ijrosini ixtiyoriy ravishda taʼminlashi uchun tegishli tartibda muddat berilgan.

    Mazkur ijro hujjati boʻyicha qarzdor F.X.ga 2022, 2023-yillarda jami toʻrt marta ogohlantirish xatlari berilgan. Ijro hujjatida koʻrsatilgan talablar bajarilmaganligi sababli qarzdorga nisbatan davlat ijrochisining 2023-yildagi qaroriga koʻra 1 800 000 soʻm maʼmuriy jarima jazosi qoʻllanilgan va jarima summasi qarzdordan undirib olingan.

    Ushbu ijro hujjatining majburiy ijrosi 6.03.2023-yilda tayinlangan boʻlib, ijro hujjida koʻrsatilgan Samarqand tumani “Joʻyisoy” maxallasiga borilib ijro harakatlarini amalga oshirish imkoni boʻlmaganligi sababli qarzdorga nisbatan maʼmuriy javobgarlik masalasini koʻrish uchun ish materiallari jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand tuman sudiga yuborilgan. Qarzdor F.X.ga nisbatan 2023-yil mart oyida 2.100.000 soʻm ikkinchi maʼmuriy jarima jazosi qoʻllanilgan.

    Shuningdek, Byuroning Samarqand tuman davlat ijrochisi tomonidan joriy yil 12-may kuni ijro hujjatida koʻrsatilgan manzilga borib koʻzdan kechirilgan. Bino-inshoot qarzdor tomonidan buzilmaganligi toʻgʻrisida tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib ogohlantirish xati berilganligi va kelgusida ushbu bino-inshoot qarzdor tomonidan buzmagan taqdirda tegishli tartibda Jinoyat ishi koʻzgʻatilishi toʻgʻrisida rasman ogohlantirilgan.

    Kelgusida ushbu bino-inshootni buzish boʻyicha majburiy ijro harakatlari davomida maxsus texnikalar, jumladan, 2 ta “XMJ” (150 tn) krani, 1 ta “ZooLoom” avtokrani hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus ishchi guruhlari hamda baland binoda ishlash uchun mutaxassislar jalb etilishi zarur boʻlishi maʼlum qilinadi”, deyiladi Byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi xabarida.