Jumladan, Paxtachi tumani Pedagogika kollejida jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish biror bir xodimga biriktirilmagan. Ularni qabul qilish uchun ham alohida xona ajratilmagan. Murojaatlar bilan ishlash yuzasidan alohida bo‘linma tashkil etilmaganligini gapirmasa ham bo‘ladi. Rahbariyat tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish jadvali esa tuzilmagan. Aslida bunday ma’lumot muassasa binosining tashqi va ichki qismiga joylashtirilgan bo‘lishi kerak. Murojaatlarni shakllari va turlariga ajratgan holda hisobini yuritish amaliyoti mutlaqo mavjud emas. Murojaatlarni qayd etish daftarlari umuman yuritilmagan.
Jomboy tuman 2-son kasb-hunar maktabida xodimlarning mehnatini muhofaza qilish ahvolini qonun talablari asosida, deb bo‘lmaydi. Masalan, direktorning 2022-yil 5- yanvardagi “Vaqtincha vazifa yuklash haqida”gi 4-k sonli buyrug‘i bilan xodim Y.G.ga vaqtincha vazifa yuklatishda xodimning roziligi olinmagan. Ushbu holat muassasa direktorining mazkur sanadagi “Guruh rahbari tayinlash haqidagi” 4/1-k sonli buyrug‘ida ham takrorlangan.
Bundan tashqari, Y.G. o‘ziga yuklatilgan vazifa bilan tanishtirilmagan. Mehnat Kodeksini 178-moddasiga asosan har bir xodim o‘ziga yuklatiladigan mehnat vazifalari doirasi bilan oldindan tanishtirilishi lozim. Shuningdek, muassasa tomonidan bunday holatlar o‘nga yaqin ana shunday buyruqlarda ham takrorlangan.
Ishchi guruh tomonidan viloyatdagi 70 dan ortiq muassasalarda o‘rganish ishlari olib borilib, natijasiga ko’ra 6023 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Aniqlangan qonunbuzilishlarning 2293 tasi murojaatlar bilan ishlash, 3431 tasi mehnat munosabatlari hamda 296 tasi boshqa sohalarga oid. Adliya organlari tomonidan mazkur qonunbuzilishlari yuzasidan vakolatli organlarga 70 dan ortiq ma’muriy taklif kiritldi.
Shuningdek, muassasalarda yuqoridagi norma talablariga rioya qilish, mavjud qonunbuzilishlarini bartaraf qilish va aniq chora-tadbirlar belgilash yuzasidan 34 ta taqdimnoma va xodimlarga to’lanishi lozim bo’lgan ustama haqlarni undirish yuzasidan sudlarga 9 ta da’vo arizalari kiritildi.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi