“Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo'linmas bo'lib ko'rinadi”

    Prezidentimiz Samarqand sammitiga bag'ishlangan maqolasida “Samarqand ruhi” haqida gapirdi.

    “Ko'p yillik birgalikdagi ishlarimiz tajribasiga tayanib ishonch bilan aytamizki, ShHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo'lidagi o'zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik printsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo'lga qo'yish borasida o'ziga xos namuna bo'la oladi.

    Samarqand tashqi siyosat bobida ustuvor yo'nalishlari turlicha bo'lgan davlatlarni birlashtirish va murosaga keltirishga qodir aynan shunday platformaga aylana oladi.

    Tarixan shakllangan tushunchaga ko'ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo'linmas bo'lib ko'rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo'lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, ShHT doirasidagi sheriklikning printsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo'lishi mumkin.

    Aslini olganda, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uyg'un ravishda to'ldirib turadi.

    Shu sababdan aminmizki, Samarqandda ShHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo'lamiz – Tashkilotning tarkibi kengayib, uning kelajak kun tartibi shakllanadi va bunda chuqur ramziy ma'no mujassam”.