“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan koʻchat ekish aksiyasida bogʻda Ekologiya vazirligi, viloyat ekologiya boshqarmasi, viloyat prokuraturasi vakillari, “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida qatnashadigan oʻquvchi yoshlar hamda eko-volontyorlar ishtirokida 600 tup qayragʻoch, gujum va Qrim qaragʻayi daraxt koʻchatlari ekildi.
Oʻz navbatida yoshlarga yashillik darajasini oshirish iqlim oʻzgarishi, atmosfera havosi ifloslanishi kabi dolzarb ekologik muammolarning samarali yechimi ekanligi taʼkidlandi.
Shuningdek, oʻquvchilarga “Zarafshon” milliy tabiat bogʻida ekskursiya tashkil etildi. Sayohat davomida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning bioxilma-xillikni asrashdagi ahamiyati yuqori ekanligi, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish lozimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, tanlov ishtirokchilari uchun Samarqanddagi “Boqiy shahar”da sayohat tashkil etildi.








