Samarqandga Fargʻona vodiysidan oʻqituvchilar jalb etildi

    Ta'lim 5 Avgust 2021 831

    Samarqand viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tashabbusi bilan Fargʻona viloyatida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etildi.

    Samarqand viloyatining olis hududlaridagi malakali oʻqituvchilarga ehtiyoj yuqori boʻlgan maktablarga oliy va birinchi toifali pedagoglarni jalb qilish, bu borada boshqarmaga murojaat qilgan oʻqituvchilarni qabul qilish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlaridan oʻqituvchilar qatnashdi.

    Yarmarka davomida murojaat qilgan 71 nafar pedagogdan malaka toifasi va salohiyati inobatga olinib, 51 nafari Nurobod, Qoʻshrabot hamda Kattaqoʻrgʻon tumanlarining olis va “qizil” toifadagi maktablariga shartnoma asosida ishga joylashtirildi.

    Ularning 22 nafari oliy toifali, 29 nafari birinchi toifali ingliz tili, ona tili va adabiyot, biologiya va kimyo hamda matematika va fizika fanlari oʻqituvchilaridir.

    Bugungi kunda Samarqand viloyatidagi 62 ta olis va taʼlim sifati past maktablarda 269 nafar malakali mutaxassislarga ehtiyoj mavjud. 2021—2022 oʻquv yili oldidan mazkur ehtiyoj SamDU hamda SamDCHTIni bitirayotgan talabalar hamda boshqa viloyatlardan kelib ishlayotgan oʻqituvchilar hisobiga qoplanyapti.

    Maʼlumot uchun: bugungi kunda Samarqand viloyatidagi maktablarda 30 nafar pedagog boshqa viloyat va tumanlardan kelib faoliyat olib boryapti.

    Ular belgilangan huquqiy meʼyor asosida ustama haqlari bilan taʼminlangan, deb xabar beradi Zarnews Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi maʼlumotiga tayanib.