Samarqand viloyat transport boshqarmasi hamda “Samarqandyoʻlovchitrans” davlat muassasasi masʼullari Xitoyning Chenjou shahrida boʻldi.

Ular “Yutong” zavodiga borib, avtobuslarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.

112 gektar maydonda joylashgan zavod 30 ming fuqaroni ish bilan taʼminlagan. “Yutong” Oʻzbekiston bozoriga 2012-yilda kirib keldi. Samarqandda zavodning 100 dona elektrobusi xizmat koʻrsatmoqda.

Xizmat safari davomida mutasaddilar “Yutong” zavodi rahbariyati bilan muloqot olib bordi. Samarqandda foydalanilayotgan elektrobuslar soni ortib borayotganidan kelib chiqib, kompaniya tomonidan koʻrsatilayotgan servis xizmatlarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, Samarqand shahri uchun dastlabki bosqichda 80 ta, keyinchalik yana 250 ta elektrobus xarid qilish boʻyicha fikr almashildi.

“Yutong” zavodi rahbariyati hamkorlik uchun doim tayyorligini bildirdi.