Samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuv koʻtarinki ruhda oʻtdi

    Saylov 24 Sentabr 2021 2173

    Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 24-sentyabr kuni Samarqand shahrida viloyat saylovchilari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Tadbirni nomzodning Samarqand viloyati boʻyicha ishonchli vakili Rustam Xolmurodov ochdi. Soʻz Shavkat Mirziyoyevga berildi.

    - Samarqand milliy davlatchiligimiz poydevori yaratilgan, qadimiy poytaxt maqomiga ega boʻlgan yirik tarixiy va madaniy markazlarimizdan biri. Bu koʻhna va betakror shahar Oʻzbekiston tarixida, bugungi ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda alohida oʻrin tutadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Nomzod oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qildi. Bu dastur iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, tibbiyot, hududlar rivoji, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalariga oid oʻnta ustuvor yoʻnalishni qamrab olgan.

    Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan rejalar maʼlum qilindi. Jumladan, 450 mingta ish oʻrni yaratish orqali kambagʻallikni 2 barobarga qisqartirish maqsad qilingan. Kelgusi besh yilda viloyatda 8 milliard dollarlik 5 ming 500 dan ziyod katta-kichik investitsiya loyihalarini amalga oshirish moʻljallangan.

    Tashqi savdo hajmini oshirish maqsadida Samarqand aeroporti yonida xalqaro kargo markazi,Jomboy, Paxtachi, Oqdaryo va Samarqand tumanlarida 6 ta agrologistika markazi tashkil qilinadi. 600 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, jami oʻrinlar soni 22 mingtaga yetkaziladi. Aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmatlar koʻrsatish koʻlami kengaytirilib, Samarqand mintaqaning “tibbiyot xabi”ga aylantiriladi.

    - Xalqimizning mana shunday buyuk qudratiga tayanib, yagona va ulugʻ maqsad yoʻlida birlashib, insholloh, biz Samarqandni yana qaytadan Yer yuzining sayqaliga aylantiramiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Oʻzining shonli tarixida buyuk shaharlar, buyuk davlat va sivilizatsiyalar yaratgan xalqimiz bunga har tomonlama qodir, har tomonlama munosib.

    Uchrashuvda soʻzga chiqqanlar dastur yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib, fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.