Samarqandning turizm salohiyatini rivojlantirish haqida maʼlumot berildi

    Hukumat 11 Fevral 2021 7057

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirishga doir taqdimot bilan tanishdi.

    Joriy yil 9-fevral kuni davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unda turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, transport yoʻnalishlarini kengaytirish va sifatini oshirish, sayyohlarga maqbul sharoitlar yaratish maqsadlari belgilandi.

    Bu borada Samarqandning salohiyati juda yuqori. Shu bois mazkur viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha kompleks ishlar olib borilmoqda.

    Xususan, Samarqand tumanida turistik markaz tashkil etilmoqda. Bu soʻlim maskanda 8 ta zamonaviy mehmonxona, yirik anjumanlar zali, restoranlar, bogʻ va sayilgohlar boʻladi.

    Ushbu turistik markazni Samarqand xalqaro aeroporti, temir yoʻl vokzali, Imom Buxoriy maqbarasi, Registon maydoni va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan bogʻlaydigan koʻchalar taʼmirlanmoqda.

    Samarqand shahrining turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida 10 ta yangi mehmonxona barpo etilmoqda.

    Davlatimiz rahbari taqdimot bilan tanishib, transport, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, Samarqand shahrini obodonlashtirish, savdo va xizmatlarni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.