Samarqand agroinnovasiyalar va tadqiqotlar institutida 2024-2027-yillarga moʻljallangan xalqaro tajribalar asosida ochiq universitet tamoyili boʻyicha kadrlar tayyorlash uchun Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi tomonidan moliyalashtirilgan “Open Food Innovation University (Oziq-ovqat innovatsiyalari boʻyicha ochiq universitet) OFINU” loyihasini amalga oshirishni boshladi.
Loyihaning maqsadi — Oʻzbekiston va Tojikiston universitetlarida oziq-ovqatni qayta ishlash texnologiyasi yoʻnalishida oʻqitishning kunduzgi taʼlim shaklidagi talabalar bilan birgalikda tashqi tinglovchilar (mutaxassislikni olishni istagan ishlab chiqarish korxonalari vakillari) ishtirok etadigan taʼlimning yangi shaklini ishlab chiqish va joriy etishdan iborat. Loyihani amalga oshirishda jami beshta korxona (shundan uchtasi Oʻzbekistonda oziq-ovqatni qayta ishlovchi “Samarqand don mahsulotlari” AJ, “Agromir” MCHJ hamda “Navigul” MCHJ) va bitta tadbirkorlik uyushmasi muhim vazifalarni bajaradi.
Loyihani rejalashtirilgan ishchi paketlarini oʻz vaqtida amalga oshirilayotganligi boʻyicha monitoring olib borish hamda kelgusida bajarilishi rejalashtirilgan vazifalarni belgilash maqsadida joriy yilning 17-18-oktyabr kunlari institutga “Erasmus+” loyihasining bosh koordinator Irina Kulitane tashrif buyurdi.
Dastlab mehmon institutda amalga oshirilayotgan oziq-ovqat innovatsiyalariga doir loyihalar bilan tanishdi. Soʻng loyiha doirasida koʻzda tutilgan ochiq universitet tamoyiliga asoslangan oʻqitishning yangi shakli uchun oziq-ovqat innovatsiyalari va texnologiyalariga oid 7 ta fan modullarini shakllantirish va oʻzbek tiliga tarjima qilish, oʻquv laboratoriya jihozlarini xarid qilish hamda yangi oʻqitish metodologiyasini shakllantirish muhim ekanligini taʼkidladi.
Bunda masʼul professor-oʻqituvchilar bilan oʻzlariga biriktirilgan fan modullariga tegishli dastur va oʻquv qoʻllanmalarni oʻzbek tiliga tarjima qilish, mazkur modullarni oʻqitishda qoʻllaniladigan metodologiyalarni oʻrganish, Latviya hayot fanlari va texnologiyalari universitetida malaka oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tashrif davomida bosh koordinator Irina Kulitanega loyihaning hamkor tashkilotlaridan biri meva-sabzavotlarni saqlovchi va qayta ishlovchi “Agromir” kompaniyasiga tegishli intensiv bogʻ hamda “Meva Maroqand” MCHJ faoliyati tanishtirildi.
Ushbu tajriba dunyoning koʻplab rivojlangan mamlakatlarida joriy etilgan boʻlib, bunda oliygoh talabalari bilan ishlab chiqarish korxonalari vakillari yoki oliy maʼlumotga ega boʻlgan, biroq faoliyat yoʻnalishini oʻzgartirmoqchi boʻlganlar tinglovchi sifatida mutaxassislik fanlarini birgalikda oʻqib oʻzlashtirishadi.
— Respublikamizda joriy etiladigan ushbu ochiq universitet tamoyilida ham tinglovchilarning takliflari hamda oliygoh imkoniyatlaridan kelib chiqib, oʻquv kurslari imkon qadar modullar shaklida barcha uchun qulay muddatlarda tashkil etiladi, — deydi Institut rektori Sh.Hasanov. — Asosan nazariy taʼlim olayotgan talabalar hamda amaliy tajribaga ega boʻlgan tinglovchilar birgalikda fanlarni oʻzlashtirib, bir-birlariga koʻmak berishadi, taʼlimda nazariya va amaliyot uygʻunlashuvi amalga oshadi. Bunda tinglovchilar fan uchun ajratilgan kreditlarga mos toʻlovlarni amalga oshirib, nazariy taʼlim olishadi hamda kurs yakunida oʻzlashtirgan fan modullari boʻyicha sertifikatga ega boʻladi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, tinglovchilar tomonidan toʻplab borilgan kreditlar oliygoh tomonidan tan olinadi hamda yillar mobaynida oʻquv kurslarida toʻplagan kreditlarini jamlagan holda oxirgi semestrni oliygohda oʻqish orqali yakunida diplom olishga imkon yaratiladi.
Hamkorlik materiali