SamAutoʻdagi davlat ulushi Turkiya kompaniyasiga sotildi

    Sanoat 30 Sentabr 2025 779

    “Samarqand avtomobil zavodi” (SamAuto) ning ustav kapitalidagi 75,2 foiz davlat ulushi Turkiyaning “Anadolu Isuzu” kompaniyasiga sotildi.

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga koʻra, zavod aktivi 80 million dollarga xususiylashtirilgan.

    Agentlik moliyaviy konsultant sifatida “KPMG” xalqaro kompaniyasi hamda yuridik konsultant sifatida “Dentons” xalqaro kompaniyasi jalb etilganini maʼlum qildi.

    Kelishuvga asosan, “Anadolu Isuzu” 80 mln AQSH dollari miqdoridagi investitsiya kiritish majburiyatini ham olgan.

    Investitsiya majburiyati doirasida Oʻzbekistonda katta sigʻimli (12–18 metrli) avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, mamlakat boʻylab litsenziyalangan servis markazlarini tashkil etish hamda avtobuslarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrikaga eksport qilish koʻzda tutilgan. Bu tashabbus Oʻzbekistonda mintaqaviy transport xabini shakllantirishga xizmat qiladi.

    “Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ Qoʻshma korxonaning qolgan ishtirokchilari “ITOCHU CORP.” va “ISUZU MOTORS Ltd.” kompaniyalari (Yaponiya) (12,4 foizdan) hisoblanib, taʼsis hujjatlari bilan Oʻzbekiston ulushining sotilishi bilan bogʻliq barcha harakatlarni Yaponiya tomoni bilan kelishadi.

    Maʼlumot uchun: “Anadolu Isuzu” kompaniyasi – 1965-yilda «Anadolu Group” (Çelik Montaj) kompaniyalar guruhi (holding) korxonalari tarkibida tashkil etilgan.

    “Anadolu Group” kompaniyalar guruhi (holding) 2021-yilda “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan” MCHJ ustav kapitalidagi 57,1 foiz davlat ulushini 252,2 mln dollarga sotib olgan hamda oʻtgan davrda 250 mln dollar investitsiya (2 ta yirik zavod qurilishi va 1 ta zavod modernizatsiya ishlari) kiritilgan.