Ajablanishingiz mumkin, sambo Olimpiya oʻyinlari dasturiga kirmagan boʻlsa, qanaqasiga olimpiada sovrindori musobaqada ishtirok etishi mumkin, deb. Gap shundaki, dzyudo boʻyicha Pekin olimpiadasining sovrindori, kurash boʻyicha jahon chempioni Abdulla Tangriyev endi oʻzini sambo sportida ham sinab koʻrishga qaror qildi.

Bugun poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyida sambo boʻyicha Oʻzbekiston chempionati bellashuvlariga start berildi. Musobaqada yurtimizning barcha hududlaridan 800 nafardan ziyod saralangan sportchilar gʻoliblik uchun bahslarga kirishdi.

Chempionatda erkaklar va ayollar 7tadan vazn toifasida oʻzaro bellashadi. Bundan tashqari, jangovar sambo yoʻnalishi boʻyicha ham 7ta vaznda bellashuvlar oʻtkaziladi.

Bugun soat 16:00da musobaqaning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston sambo federatsiyasi rahbariyati ishtirok etadi, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.