Samimiy qutlovlar kelishi davom etmoqda

    Hukumat 30 Oktabr 2021 3320

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga uning joriy yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Prezident saylovida gʻalaba qozongani munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga mustahkam sogʻlik, omonlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot hamda farovonlik tilaklari bildirilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Hurmatli Prezident janoblari!

    Sizni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz bilan muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

    Joriy yil mart oyida Toshkentda samarali fikr almashganimiz va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bayonotni imzolaganimizdan mamnunman. Turkiy Kengash doirasidagi hamkorligimiz Vengriya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga yangi surʼat bagʻishlaydi. Ishontirib aytamanki, mening Hukumatim ikki tomonlama munosabatlarimizni rivojlantirib borishda har doimgidek qatʼiydir.

    Kelgusi yilda Budapeshtda rasmiy tashrif doirasida Prezident janoblari bilan shaxsan uchrashishdan umidvorman hamda ushbu tashrif munosabatlarimizni mustahkamlash uchun yana bir imkoniyat boʻlishiga ishonaman.

    Oldingizda turgan masʼuliyatli vazifalarni roʻyobga chiqarishda Sizga omad va mustahkam sogʻlik tilayman!

    Viktor Orban,

    Vengriya Bosh vaziri

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Hurmatli Shavkat Miromonovich!

    Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz bilan tabriklayman.

    Prezident saylovi natijalari mamlakatingiz fuqarolari Sizning iqtisodiy oʻsishni taʼminlash va odamlar farovonligini oshirishga qaratilgan siyosatingiz va bunyodkorlik ishlaringizni toʻliq qoʻllab-quvvatlayotganini yaqqol tasdiqlab turibdi.

    Sizning Prezident lavozimidagi muvaffaqiyatli faoliyatingiz davrida Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar va boshqa sohalarda xalqaro eʼtirofga sazovor boʻlgan, respublikaning jahon sahnasidagi nufuzini mustahkamlagan ulkan yutuqlarga erishdi.

    Sizga berilgan ovozlar soni mutlaq koʻpchilikni tashkil etgani Oʻzbekiston xalqi oʻz Prezidentiga cheksiz ishonch bildirganini aniq-ravshan koʻrsatdi. Bu fidokorona mehnatingiz va Vatanga xizmatingiz uchun berilgan eng yuksak mukofotdir.

    Parlamentlarimiz oʻrtasidagi konstruktiv va ochiq muloqot mamlakatlarimiz hamkorligida toʻplangan boy tajribaning uzviy qismidir. Ishonchim komil, Sizning bebaho koʻmagingiz bilan hamkorlikning ushbu muhim yoʻnalishi bundan buyon ham Rossiya-Oʻzbekiston aloqalarining barcha sohalarini jadallashtirishning samarali vositasi boʻlib qoladi.

    Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va oliy davlat lavozimidagi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilayman. Tajribangiz, izchillik va intiluvchanligingiz Oʻzbekiston Respublikasi xalqining farovonligi yoʻlidagi sermahsul ishlar uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilsin.

    Sizga boʻlgan yuksak hurmat-ehtiromimni qabul qilgaysiz.

    Valentina Matviyenko,
    Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi
    Federatsiya Kengashi Raisi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Muhtaram Shavkat Miromonovich!

    MDH Ijroiya qoʻmitasiga qaytib, yana bir bor Sizni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishonchli gʻalabangiz bilan tabriklashni istardim.

    MDHning kuzatuvchilar missiyasi rahbari sifatida mamlakatingiz aksariyat fuqarolarining Sizga boʻlgan ishonchi yuqori darajada ekaniga yana bir bor amin boʻldim.

    Sizning davlat rahbari sifatidagi faoliyatingiz Oʻzbekiston Respublikasining izchil taraqqiyotiga, xalqaro maydondagi oʻrni yanada mustahkamlanishiga, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi makonidagi integratsiya jarayonlari chuqurlashishiga bundan buyon ham xizmat qilishiga qatʼiy ishonaman.

    Fursatdan foydalanib, MDH kuzatuvchilari missiyasining faoliyatiga yaratilgan hamda saylov kampaniyasiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning barcha bosqichlarida xolisona monitoringni amalga oshirish imkonini bergan qulay sharoitlar uchun tashakkur bildiraman.

    Siz bilan shaxsan uchrashish hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi tashqi va ichki vaziyatning dolzarb masalalari, Oʻzbekiston Respublikasining bugungi rivojlanishi va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi muammolari yuzasidan ochiq suhbatlashish imkoniyati uchun chin dildan minnatdorman.

    Prezidentlikka saylovdagi gʻalabangiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni yoʻllash bilan bir qatorda Sizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, Oʻzbekiston xalqi farovonligi yoʻlidagi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilayman.

    Sergey Lebedev,
    Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi
    Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Hurmatli Prezident janoblari!

    Sizni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz munosabati bilan tabriklashga ijozat bergaysiz. 2021-yil iyul oyida Oʻzbekistonga tashrifim davomida yurtingizning otashin mehri va mehmondoʻstligidan bahramand boʻlib, uning iqtisodiy taraqqiyotiga guvoh boʻldim.

    Oʻzbekiston Respublikasi Jahon bojxona tashkilotining (JBT) yaqin hamkori hamda xalqaro savdoni qoʻllab-quvvatlash va taʼminlash ishiga sodiq boʻlib qolishiga ishonaman.

    JBT ushbu sheriklikni yuksak qadrlaydi, Sizning Oʻzbekiston va qoʻshni mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqadagi aloqalarni kengaytirishga muhim hissa qoʻshayotganingizni olqishlaydi.

    Administratsiyangizga yuklatilgan muhim vazifalarni bajarishda Sizga har tomonlama muvaffaqiyat tilayman.

    Prezident janoblari, eng ezgu tilaklarim va Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qiling.

    Kunio Mikuriya,
    Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Janobi Oliylari!

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va davlat rahbari lavozimiga qayta saylanganingiz toʻgʻrisidagi xabarni katta mamnuniyat bilan qabul qildim. Ushbu muhim voqea – Oʻzbekiston xalqi Sizga yana bir bor ishonch bildirgani bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Sizning oqilona va chuqur oʻylangan rahbarligingizda Oʻzbekiston aholisi bundan buyon ham katta erkinliklar va farovon turmushdan bahramand boʻlishiga ishonchim komil.

    Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoqning juda faol aʼzosidir, ushbu hamkorlik yanada mustahkamlanishidan umidvorman. Janobi Oliylari, Siz ham bu intilishni qoʻllab-quvvatlashingizga ishonaman, shu sababli hamkorligimizni yanada yuksak darajaga olib chiqishimizga umid qilaman.

    Sizni yana bir bor tabriklayman va omad tilayman. Yaqin fursatda Siz bilan uchrashish imkoniyatini orziqib kutaman.

    Samimiy hurmat bilan

    Marting Chungong,
    Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Prezident Janobi Oliylari,

    Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qozonilgan ishonchli gʻalabangiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

    Kuni kecha boʻlib oʻtgan saylovda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, Turkiy Kengashdan kuzatuv missiyalari ishtirok etib, mazkur muhim siyosiy tadbir xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan standartlarga muvofiq oʻtganiga guvoh boʻldilar.

    Mazkur saylov Oʻzbekiston xalqining yana bir bor fidoyiligi, shijoati va faolligini namoyon etgan boʻlsa, ovoz berish natijalari qardosh xalqning Yangi Oʻzbekistonda Siz Janobi Oliylarining rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan islohotlarni naqadar qoʻllab-quvvatlayotganini toʻliq tasdiqladi.

    Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga Turkiy Kengash faoliyatini doimiy qoʻllab-quvvatlayotganingiz va turkiy davlatlar oʻrtasidagi koʻp tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshayotgan bebaho hissangiz uchun minnatdorlik bildirib, Sizga sihat-salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyat hamda qardosh Oʻzbekiston xalqiga tinchlik va ravnaq tilayman.

    Chuqur hurmat va ehtirom ila

    Bagʻdod Amreyev,
    Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi
    bosh kotibi

    Qutlovlar kelishi davom etmoqda.