Milliy matbuot markazida joriy yilning 14-18-oktyabr kunlari Toshkent shahrida, “Sanʼat va dunyo ” mavzusida X Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesining oʻtkazilishiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
— X Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi tasviriy sanʼat sohasida turli mamlakatlar, keng jamoatchilikka zamonaviy sanʼatning turli yangi yoʻnalishlari, yangi nomlarini namoyish etish, xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyatlar, anʼanalar, yutuqlar oʻrtasidagi ijodiy muloqotni mustahkamlashga, ijodiy ongni erkinlashtirish va turli mamlakatlardagi post-modern vaziyatning oʻziga xos xususiyatlarini, zamonaviy sanʼat holatini, globallashuv davrida mahalliy anʼanalarning yoʻqolib borayotganini koʻrsatishga qaratilgan. Nufuzli tadbir doirasida taqdim etilgan asarlarda insonparvarlik qadriyatlarini qoʻllab-quvvatlovchi badiiy ifodalar aks ettiriladi. Shuningdek, biyennale mavzusi ekologiya, madaniyat, bagʻrikenglik, oʻziga xoslik, sunʼiy intellekt, texnogen sivilizatsiya va insonning ichki dunyosi kabi tushunchalar haqida fikr yuritish imkonini beradi, — deydi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov.
X Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesida Avstraliya, AQSH, Argentina, Meksika, Braziliya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Shvetsiya, Niderlandiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston, qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston singari 40 dan ortiq davlatning vakillari oʻz asarlarini namoyish etishi va 50 dan ziyod yurtimiz rassomlari qatnashishi koʻzda tutilmoqda.
Anjumanda Toshkent xalqaro biyennalesi jahon zamonaviy sanʼat ijodkorlari uchun ochiq va keng muloqot maydoni boʻlishi va bir hafta davomida poytaxtimizdagi Badiiy akademiyaning Markaziy koʻrgazmalar zali, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Toshkent fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi hamda Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida, xorijlik va yurtimiz rassomlarining asarlari koʻrgazmalari, mahorat darslari, maʼruzalari, xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtishi haqida toʻliq maʼlumotlar berildi.
X Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesining tantanali ochilish marosimi 14-oktyabr kuni soat 17:00 da Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zalida boʻlib oʻtadi.
Gulichehra DURDIYEVA.
“Yangi Oʻzbekiston“ muxbiri