2022-yildan buyon mamlakatimizda turli davlatlardan kelgan qariyb 100 nafar mashhur rassom ishtirokida beshta yirik xalqaro plener o‘tkazildi. Ushbu ijodiy uchrashuvlar davomida 2000 ga yaqin noyob rangtasvir va grafika asarlari yaratildi. Bugungi kunda ushbu keng qamrovli to‘plam fondlar va ekspozitsiyalarda ehtiyotkorlik bilan saqlanib, O‘zbekiston milliy badiiy merosining muhim qismi sifatida e’tirof etilmoqda.

Asarlarda mamlakatimiz va boshqa davlatlarning madaniy merosi, turkiy xalqlarning milliy liboslari, turli mamlakatlarning betakror tabiati, hayvonot olami hamda boshqa ko‘plab mavzular aks etgan.

Mazkur tashabbuslar doirasida Astronomiya bog‘ida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — “Green University” huzurida “ArTepa” san’at galereyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Galereya O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Prezident maslahatchisi, Ekologiya milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimovning ta’kidlashicha, dunyoda eng ekologik millat bo‘lsa, albatta bu — o‘zbek xalqidir. Chunki tariximizni o‘rganadigan bo‘lsak, san’at asarlarimiz, hunarmandchiligimiz, kashtachiligimiz — barchasida tabiat aks etganini ko‘ramiz. Ularni chuqur o‘rganib, to‘g‘ri talqin qilsak, barchasida tabiatga bo‘lgan hurmat va mehr ifodalangan.

— Ushbu 100 ta noyob asarni bizning hurmatli rassomimiz bevosita Yashil universitetga sovg‘a qilishga qaror qildilar. Shu tariqa mazkur asarlar ilk bor universitet galereyasida namoyish etilmoqda.

Qo‘shimcha qilib aytadigan bo‘lsak, ko‘rgazmaga bag‘ishlab rassomning barcha asarlari jamlangan maxsus katalog ham nashr etildi. Ushbu katalog san’at ixlosmandlari uchun ulkan estetik ilhom manbai bo‘lishi bilan birga, yurtimiz boy madaniy merosini targ‘ib qiluvchi qimmatli to‘plamdir. Shuningdek, ekologiya bilan bog‘liq madaniy tadbirlar xalqimiz, yoshlarimiz, Toshkent shahri aholisi hamda mehmonlarni mavjud ekologik muammolarga yanada ko‘proq e’tibor qaratishga undaydi, — deb qo‘shimcha qildi Prezident maslahatchisi, Ekologiya milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimov.

Galereya ochilishi munosabati bilan “Dilorom Mamedovaning 100 ta noyob asari” nomli ko‘rgazma tashkil etildi. Dilorom Mamedova san’atga sadoqat timsoli va zamonaviy o‘zbek tasviriy san’atining yorqin namoyandalaridan biridir. 30 yildan ortiq vaqt davomida uning ijodi tomoshabinlarni ilhomlantirib kelmoqda. Rassomning asarlari Vatanga muhabbat, milliy an’analarga hurmat va inson qalbini chuqur his etish bilan boyitilgan.

— Bugun haqiqatdan ham men uchun juda katta baxtli kun. Rostini aytsam, ko‘rgazmamga shuncha ko‘p odam kelishini kutmagan edim. Bugun bu yerga shuncha insonlar kelib, asarlarimga qiziqish bildirgani men uchun katta quvonch.

Bu ko‘rgazmada 100 ta asarim namoyish etilmoqda. Bundan tashqari, yana uchta katta asarim bilan ham ishtirok etyapman. Bu mening yangi yo‘nalishim, yangi va yengil uslubim. Birinchi marta shu uslubdagi asarlarimni ko‘rgazmaga qo‘ydim.

Shu fursatdan foydalanib, avvalo davlatimizga, Ekologiya qo‘mitasiga va “Green University”ga juda katta minnatdorchilik bildirmoqchiman. Chunki menga shunday imkoniyat yaratib berdilar, galereya ochilib, rassomlar uchun sharoitlar yaratildi. Men ham shunday rassommanki, davlatimiz menga ko‘p imkoniyat bergan. Shuning uchun men ham yaxshilik qilishim kerak, deb o‘yladim.

Shu sabab bugun men bir qarorga keldim: ushbu 100 ta noyob asarimning barchasini davlatga topshiraman, — dedi ko‘rgazma asarlari muallifi Dilorom Mamedova.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va san’at arboblari, rassomlar, diplomatlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda UNDP — BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatdagi doimiy vakili Akiko Fujii ham ishtirok etib, o‘zining samimiy tilaklari bilan bo‘lishdi.

— Juda ajoyib rassom va “Green University” bilan hamkorlik ham juda yaxshi namuna. O‘zbekistonning buyuk rassomi bilan bunday hamkorlik jamoatchilik orasida san’at orqali ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid xabardorlikni yanada oshirishga katta turtki beradi. Ushbu galereyaning ochilishi menda juda katta taassurot qoldirdi. Barchangizni chin yurakdan tabriklayman. Rahmat, — dedi u.

“Dilorom Mamedovaning 100 ta noyob asari” ko‘rgazmasi ikki oy davom etadi. Mamlakatimiz rassomlari yangi g‘oyalardan ilhomlanib, xalqaro san’at maydonida tobora faol va ishonch bilan o‘zlarini namoyon etayotgani quvonarli hol.

Madina Botirjonova