Sanʼatkorlarga jamoat joylarda ortiqcha salbiy harakatlar qilmaslik tushuntirildi

    Madaniyat vazirligida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, diniy qoʻmita vakillari hamda xonandalar ishtirokida “Sanʼatkor odobi” mavzusida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda sanʼatkorlarga diniy siyosat konsepsiyasi kabi hujjatlar boʻyicha tushuntirish berildi. Shuningdek, yigʻilishda konsert-tomosha faoliyati uchun litsenziya talab va shartlari hamda mualliflik huquqi kabi masalalar haqida ham soʻz yuritildi.

    Xabarga koʻra, yigʻilishda oʻzbek sanʼatkorlarining maʼnaviy-madaniy faoliyati, “Sanʼatkor odob-axloqi”, “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” mazmuni, shuningdek sanʼatkorlarning konsert-tomosha faoliyati uchun litsenziya talab va shartlari hamda mualliflik huquqi kabi masalalar muhokama qilingan. Majlisda shuningdek, “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident farmoni va bir qancha nizomlar yuzasidan tushuntirish berilgan.

    “Yigʻilish davomida «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirishda sanʼatkorlarning majburiy talablarga rioya qilishi hamda asosiy litsenziya talablarida ijrochilarning “konsert-tomosha sohasida u yoki bu dinni targʻib qilmaslik” masalalari ham muhokama qilindi.

    Bundan tashqari, Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Ahmedov milliy urf-odatlar, qadriyatlar va anʼanalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish, dabdababozlik, shohona hayotni koʻz-koʻz qilmaslik va boshqa salbiy illatlarga yoʻl qoʻymaslik, jamoat joylarida, atrofdagilar eʼtiborini tortuvchi ortiqcha salbiy harakatlar qilmaslik kerakligini taʼkidlagan.

    Shu bilan birga, yigʻilishda kuy-qoʻshiqlarning mazmuniga eʼtibor qaratish, mualliflik huquqlarining buzilish holatlariga ham toʻxtalib oʻtilgan. Xonandalarga oʻz ijodlari davomida vatanga muhabbat, sadoqat, vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlarni koʻpaytirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodga namuna boʻlishlari zarurligi urgʻulandi.