Sanepidqoʻmitaning ayrim mansabdorlariga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan kompyuter texnikalarini xarid qilishda qonunchilik buzilishlari aniqlangan.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashabbusi bilan kompyuter texnikalarini xarid qilishda aniqlangan qonunbuzilishlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan kompyuter texnikalarini xarid qilishda qonunchilik talablariga rioya etilishi holatini oʻrgandi.

    Aniqlanishicha, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunda tovarlarning qiymati bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravaridan yuqori miqdorni tashkil etganda tender oʻtkazilishi belgilangan boʻlsada, qoʻmita mansabdor shaxslari tender savdolarini oʻtkazmaslik maqsadida qonun talablariga zid ravishda xaridlar hajmini qismlarga boʻlish orqali auksion savdolarini oʻtkazgan.

    Shuningdek, gʻolib deb topilgan korxonalardan hujjatlarda koʻrsatilgan parametrlarga nisbatan quyi darajadagi noutbuklar 158 mln soʻmga, boshqa kompyuter jihozlari 243 mln soʻmga qimmat narxlarda xarid qilingan.

    Oʻrganish davomida toʻplangan hujjatlar asosida Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.