Jumladan, bugun ushbu yoʻnalishdagi qoʻshma dastur doirasida BMTning Bolalar fondi vazirlikning Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga immunizatsiya jarayoniga ixtisoslashgan 16 ta zamonaviy transport vositasini topshirdi.

Avtotransport vositalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatining viloyat boʻlimlari uchun moʻljallangan boʻlib, ulardan butun mamlakat boʻylab bolalarning vaqtida emlanganligining monitoringini olib borish sifatini yana-da yaxshilash uchun foydalaniladi.

— Immunizatsiya bolalar orasida kasalliklarni oldini olishda asosiy omillardan biridir. Ayni paytda mamlakatimiz milliy emlash kalendaridan 13 ta vaksina oʻrin egallagan boʻlib, aholini emlash bilan qamrab olish 99 foizni tashkil etmoqda. YUNICEF bilan ushbu yoʻnalishdagi hamkorligimiz esa mamlakatimizdagi barcha bolalarning salomatligi uchun katta ahamiyatga ega, — dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining oʻrinbosari Botirjon Qurbonov.

Marosimda transport vositalari YUNICEF va Vaksinalar va immunizatsiya boʻyicha global alyans tomonidan koʻrsatilgan koʻmak yordamida Oʻzbekistonning milliy emlash dasturini yana-da takomillashtirish maqsadida sotib olingani taʼkidlandi. Shuningdek, YUNICEF Sogʻliqni saqlash vazirligiga markaziy, viloyat va tuman darajalarida vaksina omborlarini qurish hamda sovuqxonalar, muzlatgichlar va sovutgichlarni sotib olish, ularni oʻrnatish hamda vaksinalarni tashish uchun transport vositalarini sotib olish orqali milliy emlash dasturini kuchaytirishga koʻmaklashmoqda.

Bundan tashqari, vaksinalar logistikasini boshqarish uchun axborot tizimi ishlab chiqilgan boʻlib, mazkur loyiha milliy emlash tizimini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda.

— Ishonamanki, ushbu transport vositalari, sovuqlik zanjirini taʼminlash uchun taqdim etilgan boshqa qurilmalar bilan bir qatorda, butun mamlakat boʻylab bolalar sogʻligʻini yaxshilashga katta hissa qoʻshadi, — dedi YUNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbarining oʻrinbosari Jefri Ijumba. — Bolalar uchun vaksinalarni oʻz vaqtida taqsimlash muhim vazifa hisoblanadi. Shuning uchun ham bugun taqdim etilgan yordam hamda viloyatlarga yetkaziladigan avtomobillar mamlakatning barcha xududlariga sifatli vaksinalarni yetkazib berishni taʼminlashga xizmat qiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.