Sanitariya-epidemiologiya xizmati takomillashtirildi

    Salomatlik 28 Iyul 2020 10168

    2020-yil 27-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4790-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qaror bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining (Sanitariya-epidemiologiya xizmati) asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari hamda huquqlari belgilandi.

    Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning tizimidagi tashkilotlar, jumladan, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud boʻlgan taqdirda karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash huquqiga ega.

    Qaror bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Sanitariya-epidemiologiya xizmati aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun javobgar boʻlgan vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanib, Sogʻliqni saqlash vazirligi tarkibiga kiradi.

    Sanitariya-epidemiologik xizmatining boshligʻi bir vaqtning oʻzida sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari hamda Bosh davlat sanitariya vrachi hisoblanadi.

    Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalari oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.

    Sanitariya-epidemiologiya xizmati boshligʻi Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

    Qaror bilan quyidagilar tashkil qilindi:

    - Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik maqomiga ega boʻlmagan Biologik xavfsizlik markazi hamda Gen texnologiyalari markazi;

    - Sanitariya-epidemiologiya xizmati markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalarida tegishlicha Sogʻliqni saqlash koʻrsatkichlari tahlili va istiqbolni belgilash markazi va uning boʻlinmalari.

    Qaroga koʻra shuningdek, xavfni tahlil qilish mexanizmini joriy qilish uchun nazorat ostidagi obyektlarning yagona elektron bazasi yaratiladi va 2021-yil 1-yanvardan boshlab toʻliq ishga tushiriladi hamda “Elektron hukumat” tizimiga integratsiya qilinadi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.