Taqdimotda universitet rektorining Xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Sergey Andryushin, tilshunos olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Bosh konsullik vakillari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklor leksikografiya instituti tomonidan yaratilgan 5 jildlik «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobining yaratilishi va uning o‘zbek tili rivojlanishidagi o‘rni haqida so‘zlab berdi.

Muloqot davomida tomonlar Sankt-Peterburg davlat universiteti qoshida O‘zbek tili va madaniyati markazini ochish bo‘yicha fikr almashdi. Ushbu tashabbus oliy ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan iliq qarshi olindi.

— Universitetimizda O‘zbek tili va madaniyati markazini ochish taklifini qo‘llab-quvvatlayman, — dedi Sergey Andryushin. — Markaz uchun universitetdan alohida xona ajratiladi. O‘zbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi esa yuqori saviyada amalga oshiriladi.

Uchrashuvda markazni zarur jihozlar va o‘zbek tiliga oid adabiyotlar bilan boyitishda hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Tadbir davomida Bosh konsulxona vakillari universitetga «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobini taqdim qildi.