Sankt-Peterburg delegatsiyasi bilan uchrashuv

    Xalqaro hamkorlik 8 Oktabr 2021 627

    7-oktyabrda Toshkent shahar hokimligida Jahongir Ortiqxoʻjayev Sankt-Peterburgning Tashqi aloqalar qoʻmitasi raisi Yevgeniy Grigoryev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

    J.Ortiqxoʻjayev mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, bu kelgusida shaharlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini aytib oʻtdi.

    Bunga javoban Yevgeniy Grigoryev iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Shimoliy poytaxtda “Oʻzbekiston kunlari” muvaffaqiyatli oʻtganligi va Sankt-Peterburgdagi oʻzbek hamjamiyatining ishi haqida soʻzlab berdi.

    Har ikki rahbar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalar va hamkorlik munosabatlarining rivojlanishi davlatlar rahbarlarining qarori bilan belgilanganini taʼkidladilar.

    Shuningdek, Jahongir Ortiqxoʻjayev va Yevgeniy Grigoryev shaharlarimiz oʻrtasida sanoat, ilm-fan, tibbiyot, taʼlim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 2020-2026-yillar uchun yoʻl xaritasini ishlab chiqish zaruratini muhokama qildi.

    Xususan, hamkorlikda yosh tadbirkorlar forumini oʻtkazish va Toshkent bilan Sankt-Peterburg oʻrtasida madaniy almashinuv dasturini shakllantirish rejalashtirildi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.