Sankt-Peterburgda ishlash uchun borib, qiynalgan oʻzbekistonliklarga moddiy yordam koʻrsatildi

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati Sankt-Peterburgda ishlash uchun borib, qiynalgan oʻzbekistonliklarga moddiy yordam koʻrsatilganini maʼlum qildi.

    Xabarda shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakillari Sankt-Peterburgdagi “Armagan”, Chelyabinskdagi “SK Noviy vek”, “YevroDom”, “Energoinjiniring” korxonalari rahbariyati va bu yerda ishlayotgan yurtdoshlar bilan uchrashuv oʻtkazgani ham maʼlum qilindi.

    Mehnat migratsiyasi bilan bogʻliq vaziyat tubdan oʻzgargani, fuqarolarning chet elda ishlashi uchun sharoitlar yaratish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, kafolatli mehnat bozori bilan taʼminlash, qaytib kelgandan keyingi taqdiriga befarq boʻlmaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

    Ish beruvchilar bilan Oʻzbekiston fuqarolarini vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish, hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtdi. Natijada yurtdoshlarni mazkur korxonalarda ish bilan taʼminlashga kelishib olindi.