Mehnat migrantlari bilan uchrashuvlardan koʻzlangan maqsad ularga zarur konsullik va huquqiy yordamlarni koʻrsatishdan iborat boʻldi.

Maʼlum boʻlishicha, ayni paytda mazkur qurilish tashkilotlarida bir yarim mingga yaqin yurtdoshimiz mehnat qilmoqda.

Muloqot chogʻida vatandoshlarimizga Bosh konsulxona va Tashqi mehnat migratsiya agentligining Sankt-Peterburgdagi vakolatxonasi faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

Bundan tashqari, joriy yilda mamlakatimizda oʻtkaziladigan muhim siyosiy tadbirlar va ularda xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning ishtirokiga doir maʼlumotlarga ham oʻrin berildi.

Uchrashuvda, shuningdek, vatandoshlarimizga mahalliy davlatning qonun talablariga rioya etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Qurilish tashkilotlari rahbarlari bilan oʻtkazilgan suhbatlarda oʻzbek mingrantlariga yaratilgan mehnat sharoitlari, mehnat shartnomalarida koʻrsatilgan bandlarning soʻzsiz bajarilishi boʻyicha fikr almashildi.

Tomonlar vatandoshlarimiz bilan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammoli masalalarni birgalikda bartaraf etish va shunday muloqotlarni muntazam oʻtkazib turishga kelishib oldi.