Oʻzbekistondagi sanoat korxonalariga 2025-yil 1-dekabrgacha atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni ikki baravarga kamaytirish topshirildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi xabar berdi.
Qoʻmitaning maʼlum qilishicha, 2026-yil 1-yanvarga qadar atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I toifaga, 2026-yil 1-iyulga qadar esa II toifaga kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar quyidagi majburiyatlarni bajarishi shart:
- atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini oʻrnatish va ekologiya organlariga integratsiya qilish;
- yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlarini oʻrnatish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish;
- sanitar himoya zonalarini avtomatik statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlash.
Qonunchilikka muvofiq, ushbu majburiyatlarni bajarmagan subyektlarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari 5 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasiga koʻra, meteorologik sharoitlar noqulay kelishi kutilayotganligi munosabati bilan korxonalar atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish va (yoki) bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrishi shart.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi barcha korxonalardan joriy yil 1-dekabrga qadar atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarini 2 barobar kamaytirishni soʻradi.
Ushbu majburiyatni bajarmagan korxonalar faoliyati, Oʻzbekiston Respublikasi “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga asosan, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi qarori bilan 10 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatiladi yoki belgilangan tartibda tugatiladi.
Shuningdek, ekologik majburiyatini bajarmagan korxonalarga Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 85¹-moddasi, 95-moddasi hamda 197⁶-moddalari boʻyicha maʼmuriy choralar qoʻllaniladi. Atmosfera havosi ifloslanishiga sabab boʻlgan korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi asosida jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin.









