Sanoat korxonalarini boshqarish va rivojlantirishda tizimli yondashuv

    Mamlakatimizda 27 Oktabr 2022 1578

    «O‘zcharmsanoat» uyushmasi rahbariyati hamda «UZBI» – O‘zbekiston biznes va sanoat kengashi raisi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan maqsad mamlakatimiz charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasidagi ishlab chiqaruvchilarning faoliyatini viloyatlar kesimida qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlarini eksport qilish tizimini yana-da mustahkamlash, soha tadbirkorlari uchun biznes-treninglar tashkil etishdan iboratdir.

    Muloqot avvalida «UZBI»ga respublikamizdagi charm-poyabzal va mo‘ynachilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan korxonalar, sohaning ishlab chiqarish imkoniyatlari, eksport hajmlari, investitsion jozibadorlik to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

    O‘z navbatida «UZBI» – O‘zbekiston biznes va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish kengashi raisi yurtimizda ayni sanoat rivojlanib borayotgan, sohaning eksport ko‘rsatkichlari yuqorilatganini qayd etdi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda xorijiy hamkorlar topish, soha korxonalarini yangi eksport bozorlariga olib chiqish bo‘yicha kengash yaqindan hamkorlik qilish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

    Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerak, «UZBI» mahalliy tadbirkorlar va xalqaro bozordagi biznesmenlar o‘rtasida manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, faoliyatni yana-da rivojlantirish hamda kengashga a’zo tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini himoya qilgan xolda ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish bilan shug‘ullanadi. «UZBI» bilan hamkorlik qilish tadbirkorlarga xorijdagi 30 000 nafar o‘zbek tadbirkorlari bilan bog‘lanish imkonini beradi. 50 dan ziyod davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga zamin yaratiladi.

    Uchrashuv yakunida «O‘zcharmsanoat» uyushmasi hamda «UZBI» – O‘zbekiston biznes va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi, deb xabar beradi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.