Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariyati ham ishtirok etdi.
Yigʻilish davomida tarmoq va davlat korxonalari rahbarlari tegishli sohalarda import tarkibini oʻrganish boʻyicha olib borilgan ishlar, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish va yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil qilish orqali ayrim turdagi mahsulotlar importi oʻrnini bosishga qaratilgan loyihalar boʻyicha taqdimotlarni oʻtkazdilar.
Ayrim tarmoqlar va korxonalarda import oʻrnini bosish yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlar tanqidiy koʻrib chiqildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar topish maqsadida ichki bozordagi taklifni chuqurroq tahlil qilish zarurligi taʼkidlandi. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda importga qaramlikni kamaytirish maqsadida taqdim etilgan loyihalarni maromiga yetkazish boʻyicha alohida koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, mahalliy sanoat korxonalariga zarur boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida mavjud sanoat obyektlarining yuklama darajasini oʻrganish hamda foydalanilmayotgan imkoniyatlarni aniqlash muhimligi qayd etildi. Shu bilan birga, yangi turdagi tovarlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish va faoliyat koʻrsatayotgan korxonalarda mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish dolzarbligi taʼkidlandi.
Mutasaddi rahbarlarga xorijiy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardosh ustunliklarini hisobga olgan holda, alohida tarmoqlar doirasida hamda tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf qilish, ilgʻor texnologiyalar va texnik standartlarni joriy etish boʻyicha ishlarni faollashtirish topshirildi.
Uchrashuv yakunida har bir sohada mahalliy korxonalar negizida barqaror qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish hamda mamlakatning sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan import oʻrnini bosuvchi yangi investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish topshirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.