Mutasaddilar va viloyat hokimlariga haligacha infratuzilma olib borilmagan sanoat zonalariga shaxsan borib, ishlarni oxiriga yetkazish topshirildi.

Oxirgi 6 oyda hamkor davlatlar bozorlariga maishiy texnika eksporti – 3 barobar, transformator – 3,6 barobar, tibbiy buyumlar – 9 barobar, trikotaj mato – 2 barobar oshdi.

Agar mis, PVX, metall, polipropilen xom ashyolarini koʻproq olish imkoniyati yaratilsa, tadbirkorlarimiz eksportni bir necha barobar oshirishi mumkin.

Lekin masʼul vazirliklar bu masalalar bilan shugʻullanmayotgani tanqid qilindi.

Misol uchun, gilam mahsulotlari ishlab chiqarish uchun yiliga 70 ming tonna polipropilenga talab bor. Biroq, birjaga 2 barobar kam polipropilen qoʻyilmoqda. Natijada narx 30 foizga oshib, tonnasi 1 ming 800 dollarga koʻtarilgan.

Xuddi shunday, mebelchilikda ishlatiladigan formalin ichki bozorda 260 dollardan sotilayapti (raqobatchi bozorlarga nisbatan 60 dollarga qimmat).

Yaratilgan sharoitlar va mablagʻ borligiga qaramasdan, masʼul vazirliklar va mutasaddilar bu muammolar bilan shugʻullanmayotgani tanqid qilindi.

1-dekabrgacha ishlab chiqaruvchi va treyderlar bilan ishlab, yetishmayotgan xom ashyoni chetdan olib kelish hisobiga zaxira yaratish va grafik asosida uni birjaga qoʻyish topshirildi.