Sanoatni boshqarishning vertikal tizimi joriy etiladi

    Sanoat 19 Avgust 2024 785

    2024-yil 15-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarda sanoat salohiyatini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-295-son qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan tuman va shaharlardagi sanoat korxonalari bilan ishlash boʻyicha “respublika – viloyat – tuman” tamoyili asosida vertikal tizimni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

    Hududlardagi sanoat korxonalari bilan manzilli ishlash uchun quyidagilar tashkil etiladi:

    - tuman va shaharlarda – hokimning birinchi oʻrinbosari rahbarligida, soliq va statistika organlari, banklar va iqtisodiy infratuzilma korxonalari rahbarlaridan iborat hududiy shtablar;

    - iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari rahbarligida hududiy shtablar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika shtabi.

    2024-yil 1-sentyabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tarkibida 5 ta shtat birligidan iborat Sanoatni rivojlantirish boʻyicha yigʻma boʻlimlar tashkil etiladi, tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya boʻlimlarida esa sanoatni rivojlantirish boʻyicha bosh mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

    Bunda yangi kiritilayotgan shtat birliklari vazirliklar va mahalliy davlat hokimiyati organlari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan ajratiladi.

    Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 16-avgustdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma” portali.