Hujjatga asosan, davlat sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha vazifa va funksiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklanadi.

Bunda, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mahalliy sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish, investitsiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari uchun masʼul hisoblanadi.

Quyidagilar Iqtisodiyot va moliya vazirligining sanoatni rivojlantirish boʻyicha asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • yagona sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish borasida zamonaviy mexanizmlarni joriy etish;
  • hududlarning tabiiy xomashyo, mehnat resurslarini va nisbiy ustunliklarini inobatga olgan holda sanoatni rivojlantirishga turtki beradigan yoʻnalishlarni belgilash va ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
  • sanoatning bazaviy tarmoqlari, jumladan neft-gaz, energetika, kimyo, togʻ-kon, mashinasozlik sanoatini rivojlantirish, raqobatbardoshligini oshirish, diversifikatsiya qilish hamda ularni isloh qilish strategiyalari va dasturlarini ishlab chiqish;
  • resurslarning tarmoqlararo va hududlar boʻyicha mutanosib ravishda taqsimlanishini hamda infratuzilmaning oʻzaro muvozanatlashgan rivojlanishini taʼminlash;
  • tegishli vazirliklar bilan birgalikda energiya resurslari, qimmatbaho va rangli metallar, boshqa strategik resurslarni ishlab chiqarish, ularning isteʼmol balansini shakllantirish va monitoring qilish hamda ishlab chiqarish kuchlarini optimal joylashtirish.

Iqtisodiyot va moliya vazirligida xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Sanoat siyosatini amalga oshirish va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Vazirlikka Loyiha ofisi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun, istisno tariqasida, xalqaro konsalting kompaniyalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat etildi.

Shuningdek, Farmon bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga quyidagilarni oʻtkazish nazarda tutilgan:

  • “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK;
  • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatining 45 ta shtat birligi.

Bundan tashqari, hujjat bilan quyidagilar belgilandi:

  • kaustik soda, kalsiylangan soda, qurilish oynasi, texnik kerosin, neft parafini, formalin mahsulotlarini monopolist korxonalar tomonidan faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotiladigan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar, xomashyo va materiallarning Roʻyxatidan chiqarish (17.03.2021-yildagi PQ-5031-son qaror bilan tasdiqlangan);
  • Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga tovar-xomashyo birjalari savdolariga ruxsat etiladigan tovar va xomashyolarga mezonlar va tavsiflarni belgilash hamda Roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqini berish.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 13.10.2023-yildan kuchga kirdi.

Lola Abduazimova.