Joriy yilning 15-dekabr kuni soat 11:00 da Respublika Yoshlar ijod saroyida Oʻzbekiston Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi muassisligidagi nashr — “Saodat” jurnali tashkil etilganining 100-yilligi munosabati bilan “Saodat jurnali 100-yilligi: bir asrlik maʼrifat bayrami” mavzusida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tantanali marosimni Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Maxkamova kirish soʻzi bilan ochib, “Saodat” jurnalining ijtimoiy-maʼnaviy hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati haqida keng toʻxtaldi. “Saodat”ning xalqimiz maʼnaviyatiga qoʻshayotgan hissasini alohida eʼtirof etib, jurnalni “koʻngillarimizga maʼrifat, adabiyot va tarbiya ulashgan nashr”, deya taʼrifladi.
Oʻtgan yuz yillik maʼrifat yoʻli davomida “Saodat” ayollarimizning quvonchi va tashvishini, orzusi va intilishini, yurt hayotidagi dolzarb masalalarni oʻz sahifalarida aks ettirib, koʻp sonli xotin-qizlarning hayotda oʻz oʻrnini topishida chinakam tayanch, ragʻbat va ishonch manbayi boʻla oldi. “Saodat” qanday davr va sharoitda nashr etilmasin, u hamisha, xotin-qizlarimiz maʼnaviyati, adabiyoti, sanʼati va turmush tarzi bilan bogʻliq eng dolzarb gʻoya va tashabbuslarni ilgari surib kelgan.
“Saodat”da uzoq yillar muharrirlik qilib, ijodiy maktab yaratgan nomi hamisha barhayot Zulfiyaxonim, ulugʻ shoiramiz Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan bogʻliq ijod maktablari qad rostlagani, ularning badiiy siymolari — haykallari yurtimizning diqqatga sazovor maydonlarida qad koʻtarib turgani ham ushbu ulugʻ eʼzoz va ehtiromning yorqin namunasi ekaniga alohida toʻxtaldi.
Jurnal tarixi: yurtimiz xotin-qizlarining ommabop ijtimoiy-siyosiy, badiiy-bezakli jurnali “Saodat”ga 1925-yilda asos solingan. Turli yillarda turli nomlar bilan — 1925–1934-yillarda “Yangi yoʻl”, 1936–1950-yillarda “Yorqin turmush”, 1950–1965-yillarda “Oʻzbekiston xotin-qizlari” nomlari bilan chop etilgan jurnal 1966-yildan buyon “Saodat” nomi bilan faoliyat yuritib kelmoqda. Ayrim davrlarda — 1934–1936 va 1941–1950 yillarda turli sabablar bilan nashr faoliyati toʻxtab qolgan.
Nashrga turli yillarda muharrirlik qilgan serqirra ijodkorlar — Tojixon Shodiyeva, Sobira Xoldorova, Xosiyat Tillaxonova, Saodat Shamsiyeva, Fotima Niyozova, Iqbol Akbarxoʻjayeva, Oydin Sobirova, Zulfiya Isroilova, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva va boshqalar millatimiz qizlariga namuna va ibrat boʻla oladigan ijod namunalarini yaratdilar. 2018-yildan buyon jurnalga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Munavvara Usmonova rahbarlik qilib kelmoqda.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan alohida taʼkidlanganidek, mamlakat ayollarining ovozi boʻlgan “Saodat” jurnali yurtimiz boʻylab mahallalar, oilalar, oʻquv muassasalari va xonadonlarga kirib borib, tuman, shahar, qishloq va ovullarda ham mutolaa davralari kengayishiga sabab boʻlmoqda.
Tahririyat jamoasini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish maqsadida sana munosabati bilan esa 7 nafar ijodkor xotin-qiz “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, jurnalning 2 nafar xodimi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga, 2 nafar xodimi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasiga aʼzolikka qabul qilinib, ularga aʼzolik guvohnomalari topshirildi. “Saodat”ning xorij va yurtimizdagi doʻstlarining onlayn tabrigi ham namoyish etildi.
Tadbirda muhim sana munosabati bilan maʼnaviyat va maʼrifatga boʻlgan yuksak eʼtibor ramzi sifatida jurnalga Prezident sovgʻasi — avtomobil topshirildi.
Maʼrifiy anjumanda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda masʼul xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mamlakatimizdagi ayol rahbarlar, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari, ijod ahli, yosh ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.












