“Saodat”da vatanli boʻlish saodati

    nsonda istaklar koʻp, orzu-umidlar bisyor. Bir orzu amalga oshgach, boshqasining roʻyobi uchun harakat boshlanadi, bir umid ushalsa, ortidan yangisi boʻy koʻrsatadi. Shunday orzu borki, uning amalga oshishi qalbga halovat va xotirjamlik tuygʻusini jo etadi. Boy berilgan yillar-u oʻylarning chandigʻi lahzalar ichida bitadi, koʻrilgan qiyinchiliklar oʻrnini farogʻatli damlar egallaydi. Bu vatanda “kichik vatanli” – uyli boʻlish baxti.

    Bugun mamlakatimizda yangilanishlar davri hukmron. Necha yillardan buyon uysiz sarson jonlar, bu eshikdan unisiga, unisidan boshqasiga koʻchib, qoʻnim topmagan, ijara uy egasining qovoq-tumshugʻi bilan murosa qilib yashashga majbur oilalar oʻz turar joyiga ega boʻlmoqda.

    Uylining oʻyi boʻlmas

    Chirchiq shahrining Saodat koʻchasida qad rostlagan zamonaviy va koʻrkam uylarga kuni kecha bir guruh yurtdoshlarimiz – Vatanimiz va xalqimiz osoyishtaligi uchun tunni kunga, kunni tunga ulab, halol xizmat qilayotgan harbiylar oilasi koʻchib oʻtdi. Mehnatlari evaziga hukumatimiz tomonidan munosib ragʻbatlantirilgan, bayram arafasida sovgʻaga uy olgan harbiylar uyida bayram bugundan boshlandi.

    Harbiy orkestr va milliy ansambl jamoalarining musiqa sadolari ostida oilalar yangi uylar hovlisida jam boʻldi. Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Zokir Sayfiddinov va shahar hokimligi masʼullari yangi uy egalariga kalitlarni topshirdi. Harbiylarning farzandlari uchun kitoblar jamlanmasi ham tuhfa etildi. Ayni qish chillasi, qor elab turganiga qaramay hovlidagi bolalar maydonchasi bir zumda kichkintoylarning quvonchi, baxtiyor qiyqiriqlari bilan toʻldi. Ayni lahzalarda yangi xonadon egalarining quvonchiga sherik boʻlishni istaydi odam.

    – Sakkiz yildan buyon Chirchiq shahrida yashab, shu yerda xizmatni oʻtab kelyapman, – deydi Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti vzvodi komandiri Oʻrol Nurmatov. – Asli Samarqandda tugʻilib, voyaga yetganman. Bir qiz, ikki oʻgʻil farzandimiz bor. Ijarada yashashning oʻziga yarasha qiyinchiliklari, azob-uqubatlari boʻlar ekan. Bu borada oila boshi sifatida erkak kishi zimmasida katta yuk turadi. Oilamdagilardan kimningdir kayfiyati buzilsa yoki tobi qochsa ham koʻnglimning tub-tubida oʻzimni ayblayman. Oʻz uyingiz boʻlsa, istagan payti roʻzgʻoringiz uchun kerakli maishiy texnika vositalarini sotib olasiz. Uyni oʻz didingizga qarab taʼmirlaysiz. Ijara uyda istiqomat qilsangiz, bunday maqsadlarni orzulaysiz, xolos. Baʼzan shunday vaziyatlar boʻladiki, ijara uyning muzlatkichi eski, yangisini olay desangiz, eskisi joy egallashi koʻnglingizni xijil qiladi. Boz ustiga, uy egasi sizning bu uyga nimadir olib kirishingizni istamaydi. Yana bir tomoni “koʻch-koʻch”larda yangi texnika vositasi uriladi-suriladi, siri koʻchadi, xullas, shikast yeydi. Shunday paytlarda oʻz uyim boʻlsa, roʻzgʻorni toʻkis qilib qoʻysam edi, deb orzu qilganman. Farzandlar ulgʻaya boshlagach ularga ham sharoit yaratib beray deysiz. Ota-ona, qarindosh-urugʻ, oshna-ogʻayningizni bemalol mehmonga chaqiray desangiz, ular ham sizning koʻnglingizni avaylaydi, begona uyda halovatini buzmaylik, deydi.

    Uy kalitini olgach ota-onam koʻz oldimga keldi. Bizni duo qilib, tarbiyalab elga qoʻshgani uchun ota-onamga hukumatimiz tomonidan ajoyib tuhfa boʻldi, deb xursand boʻldim. Prezidentimiz, Oliy Bosh Qoʻmondonimiz Shavkat Mirziyoyevning bizga bildirgan ishonchi va qoʻllab-quvvatlashi ruhimizni koʻtardi. Bu endilikda uy tashvishini qilmay xizmatga astoyidil kamarbasta boʻlishimizga imkon beradi.

    “Oʻn yettita ijara uyda yashadik...”

    Tanasi boshqa dard bilmas, deydi dono xalqimiz. Xalq bilib aytadi, jismu jonidan oʻtkazib, soʻng dilidagini tiliga chiqaradi. Ayol sifatida ijara uyning “suvini simirib, toshini kemirgan” dugonalarimning uncha-muncha hasratiga koʻnikkanman. Biroq “shu kungacha koʻp ijara uyda yashadik”, “ijara uydan mana shu sabab chiqarib yuborishdi” kabi gaplarga koʻp-da ishonmasdim. Chunki ularning aynan shu dardini yashamaganman, iztirobini chekmaganman. “Saodat”dan uy tekkan oʻzim tengi Surayyoni yangi uy bilan qutlab, uning taassurotlari bilan oʻrtoqlashmoqchi boʻldim.

    Surayyo Toʻychiboyeva:

    – Turmush oʻrtogʻim Havo hujumida mudofaa qoʻshinlari va harbiy havo kuchlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismda ishlaydi. Jizzax viloyatida xizmat vazifasini oʻtayotgan yillari tanishib, turmush qurdik. Mana, oʻn bir yildirki, bir-birimizning quvonchimizni ham, tashvishimizni ham begona qilmay ikki qizni tarbiyalab kelyapmiz. Bugun umrimning eng goʻzal va hamma havas qilishini istaydigan kunim, desam mubolagʻaga yoʻymang. Boisi biz oʻtgan yillarimiz davomida uydan-uyga koʻchaverib, sarsonu sargardonlikning hadisini oldik. Aytsam koʻpchilik ishonmaydi, biroq 17 ta ijara uyda “mezbon” boʻldik. Bir uydan qizlarimizning devor gulqogʻoziga rasm chizib qoʻygani tufayli koʻchishga majbur boʻlgan boʻlsak, boshqasidan uyimizga koʻp mehmon taklif qilganimiz uchun “haydaldik”. Yangi joyga oʻtsak, hali oʻrnashib ulgurmasimizdan uy egasi uyni sotuvga qoʻyganini aytib, bizni shoshiradi. Bu bilan ijara beruvchilarni ayblash fikridan yiroqman, chunki hamma ham ter toʻkib qilingan mehnati evaziga kelgan uyining ohori toʻkilmasligini istaydi. Ulardan mehr koʻrgan kunlarimiz ham koʻp boʻldi. Biroq peshonamizga oʻtgan davr koʻchib yurish yillari sifatida yozilgan ekan. Men bu savobli ishga bosh qoʻygan barcha-barchaga tashakkur aytib charchamayman. Chunki shu uy tufayli biz endi sarsonlikdan qutuldik. Qizlarimizni qishning qahratoni, yozning saratonidan asrash uchun bizning ham boshpanamiz bor. Bizning iztiroblarimizni sezgan Prezidentimiz turmush oʻrtogʻimni uy bilan siyladi.

    Bu kabi quvonch Saodat koʻchasidagi 6 uydan oʻrin olgan 180 xonadonda oʻziga xos, turli koʻrinishda boʻy koʻrsatmoqda. Bugun mamlakatimizda fuqarolarning uy-joy sharoiti tubdan yaxshilanayotgani, shahar va qishloqlarimizda yangi turar joylar qurish surʼati va koʻlami jadallik bilan kengayib borayotganiga barchamiz guvohmiz. Mazkur yoʻnalishdagi oʻzgarishlar insonlarning hayotdan roziligi hamda ertangi kuniga ishonchini mustahkamlashga sezilarli taʼsir koʻrsatyapti. Buni yangi uyga koʻchib oʻtgan yurtdoshlarimizning nigohidan ilgʻash qiyin emas.

    Bashorat YUNUSOVA