Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Tatuirovkalar butun dunyoda bir necha oʻn yillar oldingiga qaraganda hozir ancha keng tarqalgan. Ammo ular mashhurligining global oʻsishi bilan bir qatorda, jahon boʻylab limfa tizimining saratoni boʻlgan limfoma bilan kasallanish holatlarining oʻsishi ham kuzatildi. Shvetsiyadagi Lund universiteti tadqiqotchilari yangi tadqiqotda bu ikki oʻsish oʻrtasidagi aloqadorlikni tekshirishdi.

Limfa immun tizimining bir qismidir. U organizmdagi suyuqlik muvozanatini saqlaydi va infeksiyalardan himoya qiladi. Limfa tizimini zararlovchi saratonning ikkita asosiy turi mavjud: barcha limfomalarning taxminan 90 foizini tashkil etadigan Xojkin boʻlmagan limfoma (XBL) va Xojkin limfomasi. XBLning 40 ga yaqin kichik turlari mavjud boʻlib, ular oʻsish va tarqalish surʼatlari bilan farq qiladi. XBL saratonning eng keng tarqalgan turlaridan biri boʻlib, har qanday yoshda paydo boʻlishi mumkin.

“Chekish va yosh kabi boshqa muhim omillarni hisobga olganimizdan soʻng, biz tatuirovka qilinganlar orasida limfoma rivojlanish xavfi 21 foizga yuqori ekanligini aniqladik, — dedi Lund universitetining epidemiologiya kafedrasi dotsenti va tadqiqot muallifi Kristel Nilsen. — Endi natijalarni boshqa tadqiqotlar doirasida ham tekshirib koʻrish va oʻrganish zarur va bu ishlar davom etmoqda”.

Oldingi tadqiqotlar shuni koʻrsatgan ediki, tatuirovka siyohining zarralari limfa tugunlarigacha oʻtishi mumkin.

Tadqiqotchilar endi tatuirovka va saratonning boshqa turlari, shuningdek, yalligʻlanish kasalliklari oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganib chiqishadi.