Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 27-may kuni qabul qilingan “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorida aynan bolalar onkologiyasi xizmatini yanada rivojlantirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan.
Shu yilning 14-may kuni davlatimiz rahbari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, bemor bolalar holidan xabar olgan, ularga va ota-onalarga yanada qulayliklar yaratish boʻyicha tegishli topshiriqlar bergan edi.
Xoʻsh, bu muassasada bugun qanday amaliyotlar oʻtkazilmoqda? Kasallikdan aziyat chekayotgan bemorlar oʻz dardiga qanday davo topyapti? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida ushbu markazning Bolalar boʻlimi tomon yoʻnalamiz.
Boʻlim foyesida kichik yoshli bir bola hamshiraning izidan yugurib boradi. Uni shifoxonaga olib kelishganida dumgʻaza sohasida 15 santimetrlik oʻsimta boʻlgan. 3,5 yoshli Qahramonjon tegishli kimyoviy muolajalarni olganidan soʻng, iyul oyida operatsiya stoliga yotqizildi. Muvaffaqiyatli amaliyotdan soʻng kimyoterapiya muolajalarini ola boshladi. Natijada, organizmdagi oʻsimtadan asar ham qolmadi.
— Bir kuni bolamni yuvintirib turganimda dumgʻaza sohasidagi notabiiy shishni sezib qoldim, — deydi jajji Qahramonning onasi Nasiba Gʻafforova. — Avval oʻzimiz yashaydigan Shoʻrchi tumani tibbiyot birlashmasida tekshirtirdik. Keyinchalik Denovda, soʻng Termizda tibbiy koʻrikdan oʻtdik. Shu yilning fevral oyida Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markaziga murojaat qildik. Bu vaqtga kelib bolam Qahramonjonning qovuq sohasi butunlay berkilib qolgan edi. Hozir esa, koʻrib turganingizdek, u zalda chopqillab yuribdi. Shifokor va hamshiralar bilan oʻynaydi, ularga fikrini ravon tushuntirib beradi. Kasallikdan sogʻayib borgani sari uning fikrlashi avvalgidan ham tezroq rivojlanayotgandek.
Bolalardagi kasalliklarni davolash doim nozik masala boʻlib kelgan. Chunki tanadagi dardni davolash bilan birga, ularning ruhiga shikast yetkazmaslik ham zarur boʻladi. Shuning uchun bolalar bilan ishlaydigan shifokorlardan jiddiy masʼuliyat talab etiladi. Shu jumladan, onkologiya yoʻnalishida ham. Ularning oʻzida sogʻayib ketishga ishonch boʻlsa, uni davolash yanada oson kechadi.
11 yoshli Shukrullo iyul oyida suyak asteosarkomasi tashxisi bilan muassasaga olib kelingan edi. Dastlab Fargʻona viloyatida tekshiruv natijalari bilan tanishgan shifokorlar uni hayotda saqlab qolishning iloji yoʻq deb, onasi Umida Xoliqovani ogohlantirishadi. Biroq Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazining Bolalar boʻlimi mutaxassislari Shukrullong holatini oʻrganib, shifo topishiga umid berishadi.
— Bolamning oyoqlarida oqsash kuzatilganda, uncha eʼtibor bermagan edik. Keyinchalik umuman qadam bosa olmay qoldi, — deydi Umida opa. — Tuman tibbiyot birlashmasida tekshirtirganimizda, rentgen natijalarida suyakda oʻsimta borligi taxmin qilindi. Bu yerga kelganimizda, kasallik tasdiqlandi. 40 kunlar avval jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi, hozir farzandim qoʻltiqtayoqda boʻlsa ham mustaqil harakatlana boshladi. Bunga qadar boshqa birovning yordamisiz umuman oyoqda tura olmasdi.
Bolamning operatsiyaga kirishdan oldingi holati yodimda turibdi. Uni amaliyot xonasiga olib ketgani kelishganda, hamxona oʻrtogʻi bilan shaxmat oʻynab turgan edi. Shifokorlar oʻyin tugashini kutib turdilar. Shukrullo raqibiga “shoh” berib, oʻyinni yakunladi. Oʻrtogʻining qoʻlini doʻstona siqib qoʻydi. Bu holatni koʻzimda yosh bilan kuzatib turgandim. “Ayajon, men tuzalib ketaman, yigʻlamang”, deb menga dalda berdi. Haqiqatan ham, operatsiya muvaffaqiyatli oʻtdi.
Yuqorida bolalarni davolashda bejiz ularning ruhiyati bilan ham hisoblashish kerakligi haqida soʻz yuritmadik. Shukrullodagi sogʻayib ketishga boʻlgan ishonch ham uning holati yaxshilanishiga sabab boʻlgan boʻlsa, ajabmas.
Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazining Bolalar boʻlimi boshligʻi Tojiddin Mustafoyev kichik bemorlarni davolashda ayni shu jihatlarni inobatga olishga harakat qiladi.
— Bolalardagi oʻsma kasalliklari orttirilgan va tugʻma boʻlishi mumkin, — deydi Tojiddin Mustafoyev. — Masalan, muassasamiz mutaxassislari bilan birgalikda operatsiya qilgan bemorimiz — 2,5 yoshli Durbekda buyrak xavfli oʻsmasi dunyoga kelmasidan avval rivojlana boshlagan. Hozir qorin sohasidagi oʻsimta jarrohlik yoʻli bilan olib tashlandi va endilikda unda kimyoterapiya davo muolajalari olib borilmoqda.
11 yoshli Shukrulloga esa suyak sarkomasi tashxisi qoʻyilgan edi. Ushbu kasallik bolalarda 6-8 foiz holatda uchraydi. Bu kabi xastaliklarni davolashda yuqori texnologik amaliyotlar, yaʼni yirik boʻgʻinlarni endorpotezlash usulidan foydalanamiz.
Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazining Bolalar boʻlimida bir yilda oʻrtacha 100 nafarga yaqin bolada suyak koʻchirib oʻtkazish va boshqa turdagi aʼzo saqlovchi amaliyotlar oʻtkaziladi.
Bugun bolalar onkologiyasi tibbiyotning alohida yoʻnalishi sifatida rivojlanishi uchun qonuniy asoslar va moddiy-texnik baza shakllanib bormoqda. Kelgusida tibbiyotning bu yoʻnalishida yanada yuqori natijalarga erishish imkoniyati bor.