Sardobada “Shaxmat klubi” tashkil etildi

    Sport 5 May 2021 905

    Sardoba tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi taʼminlanmoqda.

    Sardoba tumani aholisi orasida shaxmatni keng targʻib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish, trenerlar uchun munosib mehnat sharoitini yaratish maqsadida tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabi hududida “Shaxmat klubi” tashkil etildi.

    Sport klubining ochilish tadbirida viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi va tuman hokimligi masʼullari ishtirok etib, bugungi kunda shaxmatga berilayotgan eʼtibor, yetishib chiqayotgan iqtidorli yosh shaxmatchilar, har bir tashkilot, mahalla guzarlari, mehmonxonalar, ovqatlanish shoxobchalarida aholi uchun shaxmat burchaklari tashkil etilayotgani hamda respublikamizning barcha viloyatlarida bosqichma-bosqich 2024-yilga qadar bolalar-oʻsmirlar shaxmat maktablari tashkil etilishi toʻgʻrisida taʼkidlab oʻtishdi.

    Shuningdek, tadbir davomida shu yil 27-30-aprel kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Bahodirlar oʻyinlari va tosh koʻtarish boʻyicha Osiyo chempionatida gʻolib va sovrindor boʻlgan bir guruh Sardoba tumani sportchi-yoshlari Sirdaryo viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi hamda Sardoba tumani hokimligi tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.