Sardobalik ayol oʻz turmush oʻrtogʻiga buyragini berdi

    Salomatlik 25 May 2023 1747

    Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida yashovchi ayol oʻz turmush oʻrtogʻiga bir buyragini berishga qaror qildi.

    Sardoba tuman Ravot mahallasidan Abdullajon Absaitov endigina 43 yoshni qarshi oldi. Mehribon jufti-haloli ikkalasi 5 nafar farzandni tarbiyalab kelyapti. Ammo, soʻngi ikki yil Abdullajon uchun oson kechmadi. Uni buyrak bilan bogʻliq muammo anchagina qiynab qoʻydi.

    Tuman, viloyat, Respublika miqyosidagi davolash profilaktika muassasalariga, u yerda faoliyat olib borayotgan shifokorlarga murojaat etdi. Tashxis aniq, surunkali piyelonefrit. Shu boisdan u, Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi, uning Nefrologiya va gemodializ boʻlimida sakkiz oydan buyon davo muolajalarini olib kelayotgandi.

    — Donor izladim-u, topa olmadim, — deydi Abdullajon Absaitov. —Nochor va noiloj holda edim. Shunday kunda turmush oʻrtogʻim oʻz buyragini bermoqchi boʻlganligi, buning uchun zarur tekshiruvlardan oʻtganligi meni juda taʼsirlantirdi. Chunki farzandlarim bor. Axir ular tarbiyasi, qolaversa, parvarishi koʻproq unga bogʻliq. Avvaliga koʻnmadim. “Sizsiz men nima qilaman, farzandlarimiz taqdiri nima boʻladi” deya javdiraguncha qarab turganligini koʻrib, noilojlikdan rozi boʻldim... Xullas, turmush oʻrtogʻim, farzandlarim onasi Feruzaxon Absaitova niyatida qatʼiy turib, bir buyragini menga tuhfa etdi. Bundan yaqinlarim va farzandlarim ham xursand edi. Tekshiruvlar uning buyragi toʻgʻri kelishini tasdiqlagani ayniqsa hammani quvontirdi.

    Ushbu buyrak bilan bogʻliq yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti Guliston tibbiyot klasterida V.Vahidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaz xirurgi, tibbiyot fanlari nomzodi Azamat Suyuimov va klasterning bir qator mutaxassislari ishtirokida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

    Quvonarli tomoni, yuqori texnologik jarrohlik amaliyot uchun ketgan barcha xarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan qoplab berildi. Ayni vaqtda sardobalik Abdullajon va Feruzaxon Absaitovlar sogʻ-salomat. Kuni kecha ularga ruxsat berildi. Endi ular oʻz xonadonida, farzandlari oldida. Maʼlum bir vaqtgacha shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini oladi.

    Gʻulom Primov,

    Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibi.