Sardobaliklar dastlabki dam oluvchilar bo'ldi

    Salomatlik 11 Iyun 2020 1941

    O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tassarrufidagi 22 ta sanatoriy fuqarolarni qabul qilishni boshladi.

    ”Zamin” fondining imtiyozli yo'llanmalari bilan sihatgohlarga tashrif buyurgan dastlabki dam oluvchilar “Sardoba” suv ombori fojiasidan jabr ko'rgan Sirdaryo viloyati aholisi bo'ldi. Sihatgohlarda shifokorlar karantin qoidalariga qat'iy amal qilgan faoliyat olib borishayotgan bo'lsa, dam oluvchilar ham karantin tartibining barcha qoidalariga rioya etib, hordiq chiqarishayapti.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma'lumotlariga ko'ra, sirdaryolik jami dam oluvchilar 966 nafardan iborat bo'lib, ular poytaxtimiz, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi eng xushmanzara hamda namunali sanatoriylarda joylashtirildi. Xususan, Toshkent shahridagi “CHinobod” sanatoriysida 227 nafar, Toshkent viloyatidagi “Botanika” sanatoriysida 245 nafar, “Bo'ston” sihatgohida 202 nafar, “Umid gulshani” sanatoriysida 65 nafar, “Qo'hinur” sihatgohida 99 nafar, Sirdaryo viloyatining “YAngier” sihatgohida esa 128 nafarni tashkil qiladi.

    – Hammaga katta rahmat, – deydi Mirzaobod tumanining “Haqiqat” mahalla fuqarolar yig'inida istiqomat qiladigan, “CHinobod” sanatoriysida dam olayotgan Xayrinso ona Boyqulova. – Baraka topishsin, biz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Muolaja va ovqatlarga gap yo'q. Barcha shifokor va hamshiralar yonimizda parvona. YOshim 90 dan oshgan. Sardobadagi falokatdan keyin ko'pgina odamlar borib, holimizdan xabar olishdi. Hatto davlatimiz rahbari ham keldi. Mingdan-ming rahmat, g'amxo'rlik bo'lsa, shunchalik bo'ladi-da. Mana, bir necha kun bo'ldi, shu erda dam olayapmiz.