Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Tantanali marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muhammad Shahobuddin Oʻzbekistonni Bangladeshning Markaziy Osiyodagi asosiy mintaqaviy sherigi va ishonchli doʻsti deb atadi. Soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar va izchil tashabbuslar tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va imiji yuksalib borayotganini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, uchrashuvda Bangladesh hukumatining mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratayotgani bildirildi.
Toʻqimachilik, farmatsevtika va charm sanoati kabi sohalarda sheriklik uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi. Bangladesh tomoni ushbu yoʻnalishlarda tajriba almashish va yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini maʼlum qildi.
Muloqot chogʻida madaniy-gumanitar, xususan, turizm va oliy taʼlim sohalaridagi sheriklikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 15-oktyabrda oʻrnatilgan.








