Uchrashuvda loyiha muallifi tomonidan jurnalning joriy axborot siyosati va mazmuni, uning Oʻzbekistonning xalqaro maydonidagi eksport-import va investitsiyaviy salohiyatini, shu jumladan Oʻzbekistonda va boshqa mamlakatlarda boʻlib oʻtayotgan turli xil sanoat yarmarkalari va koʻrgazmalarini, xalqaro tadbirlarni, uchrashuv va forumlarni, hukumatlararo komissiyalarning yigʻilishlarini yoritish va targʻib qilishga qaratilganligi haqida taqdimot oʻtkazildi.
Loyihaning respublikaning bir qator vazirlik va idoralari bilan hamkorligi oʻrnatilganligi va bu, oʻz navbatida, birinchi manbalardan axborot olish, biznes va tadbirkorlik sohasidagi eng dolzarb tadbirlarni yoritish imkonini berishi qayd etildi.
Uchrashuv davomida jurnal tahririyati raisi sifatida Sardor Umurzakov tomonidan bir qator yangi istiqbolli loyihalar koʻrib chiqildi hamda ularni kelgusida amalga oshirish uchun tegishli “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish taklifi kelishildi.
Shuningdek, Strategik rivojlanish agentligi bilan jurnalning boʻlajak sonlarining axborot mazmunini shakllantirishda muntazam hamkorlik qilish masalasi muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.