Institut direktori F.Otaxonov 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Xususan, hisobot davrida institut tomonidan Oliy Majlis palatalariga amaldagi qonunlar va qonun loyihalari yuzasidan 32 ta ilmiy xulosa, 7 ta Oliy Majlis palatalarining qarori loyihasi yuzasidan takliflar, 156 ta axborot-tahliliy ma'lumot, 12 ta chora-tadbirlar dasturi loyihalari yuzasidan asoslantirilgan takliflar taqdim etilgani, institut tuzilmasida tashkil etilgan BMT o'quv markazi tomonidan “Qonun ijodkorligi”, “Parlament nazorati” va “Mahalliy vakillik hokimiyati” mavzularida yuzdan ziyod yoshlar ishtirokida o'quv mashg'ulotlari tashkil etilgani, Toshkent, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasida qonun loyihalari va amaldagi qonunlar bo'yicha jamoatchilik orasida ijtimoiy so'rovlar o'tkazilib, jamoatchilikning fikr va takliflari o'rganilganini ta'kidladi.
Shuningdek, institut tomonidan “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 13 ta bandini ta'minlash bo'yicha Oliy Majlis palatalariga yaqindan axborot-tahliliy xizmat ko'rsatilgani qayd etildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish (2-band); mahalliy ijro va vakillik organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish (6-band); xotin-qizlar jamoatchilik kengashlarining muvofiqlashtirilgan tizimini tashkil etish (9-band); mahalla instituti faoliyatini takomillashtirish (12-band); qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish (23-band) kabilar shular jumlasidandir.
Hisobot davrida institut tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro maydonda bildirgan tashabbuslarini amalga oshirish bo'yicha mutasaddi idoralar faoliyatiga ko'maklashish yo'nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Yoshlar huquqlari to'g'risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konventsiyasi loyihasi, “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi loyihasi, Inson huquqlarini ta'minlash va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar rolini oshirish to'g'risidagi xalqaro rezolyutsiya loyihasi, Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi BMT xalqaro kodeksi va uning kontseptsiyasi loyihalari yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
2021-yilda institut tahririy faoliyat yo'nalishida ham katta natijalarga erishdi. Jumladan, institut muassisligidagi “Qonunchilik muammolari axborotnomasi” ilmiy-amaliy jurnalining 4 ta soni nashr etildi. Konrad Adenauer nomidagi fondning O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Parlament faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan ta'minlashning dolzarb masalalari”, “YOshlar va saylov: elektoral madaniyatni oshirishning dolzarb masalalari” mavzularidagi xalqaro konferentsiya materiallari to'plamlari tayyorlanib, chop etildi. Shuningdek, “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi tarixiy nutqi va unga bildirilgan munosabatlar to'plami”, “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy – huquqiy tafakkurining yuksak namunasi” va “Harakatlar strategiyasi – Yangi O'zbekistonning mustahkam zamini” nomli 3 ta elektron to'plam tayyorlandi.
Ta'kidlash kerakki, institut jamoasi 2021-yilda bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarini tashkil etish jarayonlarida faollik ko'rsatdi. Xususan, 2021-yilning mart-may oylarida tashkil etilgan mahalliy kengashlar deputatlari, siyosiy partiya faollari va OAV vakillari siyosiy o'quvlarida, may-iyun oylarida saylov uchastkalari kuzatuvchilari uchun tashkil etilgan o'quvlarda, avgust-oktyabr oylarida tashkil etilgan “Yosh saylovchi” targ'ibot loyihasi doirasidagi o'quv seminarlarida tashkilotchi, respublika trenerlari va ma'ruzachilar sifatida ishtirok etdi.
Anjumanda 2021-yil xalqaro hamkorlik yo'nalishida institut uchun ko'plab yutuqlarga boy yil bo'lgani ta'kidlandi. Xususan, institut tomonidan 17 ta xalqaro konferentsiya, ilmiy-amaliy seminar, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etilgan; 2021-yil 3-iyun kuni institut hamda Qozog'iston Respublikasi Prezidenti devoni Moddiy-texnika ta'minoti bo'limining “Parlamentarizm instituti” bilan o'zaro hamkorlik memorandumi imzolangan; 2021-yil 9-iyun kuni Isroil davlati Knesseti Tadqiqot va axborot markazi bilan o'zaro aloqalar o'rnatilgan.
Institut Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksida O'zbekistonning o'rnini oshirish va mustahkamlash bo'yicha tadqiqotlarni amalga oshirishga mas'ul etib belgilangan. Mazkur indeksda so'nggi yillarda sezilarli o'sishga erishildi. Jumladan, 25 ta mamlakatning ijobiy tajribasi o'rganilib, The Economist Intelligence Unit tadqiqot markazining “Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksi” bo'yicha ishlab chiqilgan namunaviy yo'riqnomasi asosida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Institut “Mening fikrim” veb-portalining moderatori hisoblanadi. 2021-yilda “Mening fikrim” veb-portaliga fuqarolar tomonidan 888 ta elektron jamoaviy murojaat kelib tushgan bo'lib, ulardan ta'lim, qurilish, tadbirkorlik, turizm, cog'liqni saqlash, kommunal xo'jalik kabi sohalarga oid 14 ta elektron jamoaviy murojaat veb-portalga joylashtirildi. Fuqarolar tomonidan 1 ming 400 dan ziyod izohlar qoldirildi. Veb-portalda ommaviy ovoz yig'ish uchun joylashtirilgan murojaatlardan 2 tasi etarli ovoz to'pladi va ular bo'yicha vakolatli davlat organlarining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Hisobot davrida institut xodimlari 146 ta davra suhbati va ilmiy seminarlarda o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdi, markaziy bosma, elektron va xalqaro nashrlarda qonunchilikdagi dozarb masalalar va amaldagi islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan 227 ta ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari e'lon qilindi.
Anjuman davomida institutning keng ko'lamli faoliyati yuzasidan munosabatlar bildirildi, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.