Yoshlar bogʻi tarkibida bolalar oʻyingohi, 50 oʻrinli kinoteatr, zamonaviy musiqali favvora, axborot kutubxona markazi, sunʼiy koʻl, 2 ta kafe (ovqatlanish majmualari) va avtoturargoh oʻrin olgan.
Bogʻni foydalanilishga topshirish tadbirida viloyat hokimi va viloyat sektorlar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari, nuroniylar, faollar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi soʻzga chiqib, tuman ahlini koʻrkam bogʻ ochilishi bilan tabrikladi hamda tashabbuskorlarga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Yoshlar bogʻining 18 000 kvadrat/metr yer maydonida Prezidentimiz tashabbusiga asosan “Yashil makon” loyihasi doirasida olib borilayotgan keng koʻlamli amaliy ishlarga monand ravishda Turkiyadan keltirilgan 800 dan ortiq manzarali daraxtlar va 20 000 mingdan ortiq anvoyi gullar koʻchatlari ekilib, moʻjaz yashil hudud tashkil etildi.
Yoshlar bogʻi markazida joylashgan kutubxonada 38 mingdan ziyod kitoblar, 52 mingdan ortiq elektron kitoblar mavjud boʻlib, maʼrifat maskani zamonaviy oʻquv zali, katta hajmdagi monitor va bepul Internet bilan taʼminlangan. Zamonaviy kutubxona bir vaqtning oʻzida 120 nafardan ortiq kitobxonga toʻlaqonli xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.
Bogʻ loyihasidan oʻrin olgan kichik kinoteatr yoshlar va tashrif buyuruvchilarning ichki dunyosi, his-tuygʻulari, maʼnaviyatiga ijobiy taʼsir etuvchi omildir.
Ushbu kinoteatrda namoyish etiluvchi filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasi, koʻtarilayotgan mavzuning hayotiyligi tomoshabinlarning aksariyati yoshlar ekanligidan kelib chiqqan holda tanlanishi koʻzda tutilmoqda. Zero, milliy kino sanʼati jamiyatning maʼnaviy, madaniy-maʼrifiy hayotida, jumladan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda strategik manba sifatida muhim ahamiyatga egadir.
Loyiha doirasida 20 ta yangi ish oʻrni tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.