Saudiya Arabistoni 1 noyabrdan boshlab xorij fuqarolarining Umra ziyoratiga ruxsat berdi

    Voqea-hodisalar 25 Oktabr 2020 1252

    Fuqarolari Umra ibodatini ado etishiga ruxsat beriladigan mamlakatlar roʻyxati hozircha eʼlon qilinmadi.

    Saudiya Arabistonida salkam 8 oylik tanaffusdan soʻng xorij fuqarolarining Umra ibodatlarini ado etishiga ruxsat berilmoqda. Shu kunlarda qirol Abdulaziz nomidagi Jidda xalqaro aeroporti Haj va Umra uchun moʻljallangan terminalini qayta ishga tushirishga tayyorlamoqda.

    Okaz gazetasi xabariga koʻra, aeroportning maxsus terminalida koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha ehtiyot choralari koʻrilmoqda.

    Terminal hududida qarshi tomonga ketayotgan odamlar yuzma-yuz kelmasligini taʼminlash uchun bir tomonlama harakatlanish tashkil etilyapti, ijtimoiy masofa saqlashni taʼminlashga qaratilgan ishlar bajarilyapti.

    Xorij fuqarolari Umra maqsadida 1 noyabrdan boshlab Saudiya Arabistoniga kirishi mumkin boʻladi. Aynan qaysi mamlakat fuqarolariga ruxsat berilishi hali nomaʼlum, rasmiylar bu haqda tez orada maʼlumot taqdim etilishini bildirgan.

    Umra ziyoratlarini qayta yoʻlga qoʻyish uch bosqichda amalga oshirilmoqda. 4 oktyabrdan boshlangan birinchi bosqichda kuniga 6 ming nafargacha mahalliy fuqarolar va rezidentlarga ibodat amallarini ado etishga ruxsat berilgandi. 18 oktyabrdan boshlab bu kunlik cheklov 15 mingga oshirildi. Birinchi noyabrdan eʼtiboran amal qiladigan 3-bosqichda kuniga 20 ming ziyoratchi muqaddas amallarni bajarishi mumkin boʻladi.

    Islom dunyosining bosh masjidi – Makka shahridagi Masjidul-harom oktyabr oyi oʻrtalarida karantindan soʻng qayta ochildi. 1 noyabrdan unga kuniga 60 ming nafargacha musulmon kirishi mumkin boʻladi.